Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Iyul, 2026   |   16 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:54
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:45
Bismillah
01 Iyul, 2026, 16 Muharram, 1448
Maqolalar

Hissiyotga emas, aqlga ergashing

27.02.2026   19762   2 min.
Hissiyotga emas, aqlga ergashing

Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.

Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.

Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).

Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.

Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.

Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ta’ziya

30.06.2026   1733   1 min.
Ta’ziya

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!

Mo‘min-musulmonlar, Hindiston diyori, balki butun Islom olami, aqida, hadis, fiqh va siyrat olimi bo‘lgan ustoz alloma, shayx Sayyid Salmon Husayniy Nadaviydan judo bo‘ldi.

Alloh taolo bu muxlis, yuksak martabali olim bandasini rahmatiga chulg‘asin, chekkan mashaqqatlari, tortgan dardlarini kafforat aylasin, diniga, musulmon ummatiga qilgan xizmatlarini, manfaatli ilmlarini sadaqai joriya o‘laroq husni qabul qilsin, qabrlarini muattar va munavvar aylab, Firdavs jannatlariga yetishtirsin!

Mavlono Sayyid Salmon Husayniy Nadaviy hazratlarining ahli baytlariga, yaqinlariga, barcha shogirdu muxlislariga, butun Islom ummatiga samimiy ta’ziya izhor qilamiz, Alloh taolodan sabri jamil so‘raymiz, haqlariga qilinayotgan barcha xayrli duolarni mustajob qilishini tilaymiz.

«Sabrlilarga xushxabar beringki, ular o‘zlariga musibat yetganda "Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz", deganlardir».
 

Maqolalar