Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.
Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.
Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.
Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.
Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi
Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (ICESCO) “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ al-Musnad as-Sahih” asari: Ummat kitobi. Isnod va tasdiq sivilizatsiyasining ilmiy timsoli” nomli fundamental ilmiy nashrni taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mazkur kitobni tayyorlashda dunyoning 16 mamlakati yetakchi olim va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Nashr 2026 yil 9–10 iyul kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari – Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya materiallari asosida tayyorlandi. Anjuman O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilgan edi.
Hajmi qariyb 800 sahifadan iborat mazkur kitob buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy ilmiy merosiga bag‘ishlangan eng yirik zamonaviy tadqiqotlardan biri hisoblanadi. Unda hadisshunoslik, islom ilmlari tarixi hamda hadislar ishonchliligini aniqlash metodologiyasiga oid dolzarb ilmiy maqolalar jamlangan.
Nashrda Imom Buxoriy yashab ijod qilgan tarixiy va ilmiy muhit, uning hadislarni saralash va tasniflashdagi betakror uslubi, shuningdek, “Sahihi Buxoriy” asariga bag‘ishlangan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar, bahs-munozaralar va tahlillar o‘rin olgan.
Mazkur fundamental nashrning e’lon qilinishi islomshunoslik sohasidagi xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilib, O‘zbekistonning Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha jahon miqyosidagi nufuzli markazlardan biri sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati