Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.
Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.
Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.
Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.
Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi
Shu yil 21-22 aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan sohibqiron bobomiz tug‘ilib o‘sgan qadim va navqiron Shahrisabzda “Halol kurash – 2026” respublika musobaqasi o‘tkaziladi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklari tomonidan o‘tkazilgan tuman-shahar hamda viloyat miqyosidagi saralashlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 60 ga yaqin diniy soha xodimlari o‘zaro bellashadi.
Ayni paytda musobaqa bo‘lib o‘tadigan polvonlar yurti bo‘lgan Qashqadaryo vohasining Shahrisabz tumani Miraki shaharchasida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, ishtirokchilar uchun barcha shart-sharoitlar hozirlangan.
Jumladan, bellashuv maydonlari, mehmonlar istiqomat qiladigan “Miraki Resort” mehmonxonasi, qur’a tashlash tadbiri o‘tkaziladigan zallar har jihatdan tayyor holga keltirilib, musobaqa shukuhini aks ettiruvchi bannerlar o‘rnatilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2026 yil 7 aprel kuni Prezidentimiz raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qator topshiriqlar belgilab berilgan edi. Mazkur vazifalarga hamohang ravishda tashkil etilayotgan musobaqa va uning doirasidagi tadbirlar jamiyatimiz, xususan, imomlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish barobarida islom ahkomlariga amal qilish, soha xodimlari o‘rtasida birdamlik, o‘zaro hurmat va do‘stlik ruhini kuchaytirishi bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati