Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bandaning haqqi yengil qaraladigan narsa emas. Bu haq – to ado qilinmaguncha kechilmaydigan haq. Bu shunday haqki, Alloh taolo aralashmaydigan haq.
Bandaning haqqi iymonning bir bo‘lagi. Ado qilinmaguncha jannatga kirishdan to‘sib turadigan devor. Bandani haqqini ado qilish aslida iymon keltirishdan boshlanadi.
Guvohlik beraman albatta Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, yana guvohlik beraman albatta Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va elchisidir.
“Allohdan boshqa iloh yo‘qdir” bu kalom Allohning haqqidir.
“Muhammad Allohning bandasi va elchisidir” bunisi esa bandaning haqqidir.
Ushbu jumlalar bir-biridan ajratilganda esa, iymon mukammal bo‘lmaydi.
“Namozni barkamol o‘qingiz”, Allohning haqqidir.
“Zakot beringiz” bandaning haqqidir.
“Allohga itoat etingiz” Allohning haqqidir.
“Payg‘ambarga itoat etingiz” bandaning haqqidir.
“Menga va ota-onangga shukr qilgin”
“Menga (shukr qilgin)” Allohning haqqidir.
“Ota-onangga shukr qilgin” bandaning haqqidir.
Agar kishi Allohning haqqini go‘zal ado qilsa-yu, bandaning haqqiga rioya qilmasa najot topmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim haj qilsa-yu, (unda) rofas (fahsh) va fisqqa yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, u uyiga xuddi onadan yangi tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lib qaytadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
“Haj” – Allohning haqqi.
“Faxsh va fisq” bandalar haqqiga rioya qilmaslik oqibatida bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Falonchi ayol kechalari namoz o‘qib, kunduzlari ro‘za tutadi. Biroq tili yomon, qo‘shnilariga behayolik bilan ozor beradi”, deyishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda” , dedilar (Imom Hokim rivoyati, sahih hadis).
“Namoz va ro‘za” Allohning haqqi. Ayol uni ado qilardi.
“Tildagi ozor va behayolik” bandalarning haqqi. Shu haq ado qilinmagani sababli “Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda”, dedilar.
Yorbek ISLOMOV,
Olmazor tumani “Oxunguzar” masjidi imom-xatibi.
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi