Xorijdagi elchixona va konsullik idoralari tomonidan chet eldagi vatandoshlar ishtirokida muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan ko‘plab saxovat tadbirlari o‘tkazilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mehr-shafqat, bag‘rikenglik va saxovat oyi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va iftorliklar xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga milliy-diniy qadriyatlarni yetkazish maqsadida tashkil etilyapti.
“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan xayrli tadbirlar xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarni bir davraga birlashtirish imkonini bermoqda.
Uchrashuvlarda vatandoshlarimizga Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, islom dini arkonlari, muhtoj va ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash kabi masalalarda keng tushuncha berilmoqda.
Madaniy-ma’rifiy tadbirlarda davlatimiz tomonidan yuborilgan diniy ulamolar ham qatnashib, hamyurtlarimizga islom dinining haqiqat, ezgulik, adolat, xayrixohlik, bag‘rikenglik borasidagi ahamiyati, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz, diniy ma’lumotlardan foydalanish manbalari, yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik kabi masalalarda fikr yuritmoqda.
Bugungi kungacha, Tokio, London, Doha, Jidda, Chongju, Vashington, Nyu-York, Nyu-Jersi, Filadelfiya, Anqara, Istanbul, Chanqay, Karabyuk, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Kemerovo, Yekaterinburg, Vladivostok, Xabarovsk, Kaliningrad, Rostov-Don, Irkutsk, Qohira, Praga, Kuala-Lumpur, Boku kabi yirik shaharlarda iftorlik tadbirlari yuqori darajada tashkil etildi.
Chet eldagi elchixona va konsullik idoralari Ramazon hayiti bayramigacha yana ko‘plab shaharlarda milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda vatandoshlar ishtirokida ana shunday uchrashuv va iftorliklar o‘tkazishni reja qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati