Yomg‘irdan keyin nogironlik aravachasida ko‘chaga chiqqan onaxon yo‘ldagi ko‘lmakda yotgan non bo‘lagini ko‘rib, olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo yo‘l o‘rtarog‘iga yetganida aravachaning oyog‘i bir chuqurga tushib, siqilib qoldi.
Ko‘chadan tezlikda o‘tayotgan bir moshinaning onaxonga suv sachratib o‘tgani mayli, non bo‘lagini bosib ketganidan dili xufton bo‘ldi. Avtoulov sal nariga borib to‘xtadi. So‘ng orqalab onaxonning yaqiniga qaytdi. Undan bir yigitcha tushib, boshini biroz egib, aybdorona qiyofada onaxonning oldiga keldi.
– Men sizga suv sachratib o‘tdim, shekilli. Kechiring, hoji ona, telefonga chalg‘ibman.
Yigit onaning biroz titrab turgan qo‘llaridan tutib o‘pdi va peshonasiga surdi. Aravachani dast ko‘tarib yo‘lning chetiga oldi. Onaxon bir zumda erib tushdi. Yigitdan judayam minnatdor bo‘ldi va nasihat qildi:
– Menga sachragan suv-ku, qurib ketadi. Ammo sen nonni bosib o‘tding, bolam. Bizlar bolaligimizda to‘yib non yesak, o‘sha bizga katta bayram edi. O‘zing tarbiyali yigit ekansan, yo‘lda bunaqa tez haydama. Har narsaning uvoli bor, shuni unutma.
Yigit, “Xo‘p bo‘ladi”, der ekan, Ramazon oyining fazlidan dillar mum kabi erishini, qo‘ldan kelgancha yaxshilik qilish, odamlarning ko‘nglini ranjitmaslikka harakat qilish kerakligini dildan his etdi.
Akbarshoh Rasulov
Bo‘lg‘usi hojilarimiz ulug‘ amallarini xotirjam va chiroyli ado etishlari uchun muborak zaminlardagi tayyorgarlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi kelgusi mavsumda yurtdoshlarimiz istiqomat qilishi uchun mo‘ljallangan mehmonxonalarni o‘ta talabchanlik bilan, har tomonlama ko‘zdan kechirmoqda.
Ushbu mas’uliyatli jarayonda mehmonxonalarning quyidagi muhim jihatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda:
– ziyoratchilarning erkin harakatlanishi uchun foye va oshxonalarning kengligi, liftlarning yetarli sig‘imga egaligi;
– xonalardagi sharoitlar, sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq mosligi va maishiy texnikalarning sozligi;
– har bir xonada qibla ko‘rsatkichi, joynamoz va Qur’oni karim nusxalarining muhayyo qilingani;
– tibbiyot va ishchi guruhlar uchun ajratilgan maxsus xonalardagi qulayliklar.
Shuningdek, soha mutasaddilari tomonidan nafaqat mehmonxona sharoitlari, balki bo‘lg‘usi hojilarning to‘laqonli va sifatli taomlanishi, ko‘rsatiladigan transport va sog‘liqni saqlash xizmatlari ham atroflicha o‘rganilmoqda. Xususan, mehmonxonalarning Harami sharif, Mino va Arafot kabi muqaddas manzillarga qulay joylashgani hamda uzluksiz va qulay transport qatnovini yo‘lga qo‘yish masalalari ham delegatsiyaning diqqat markazida turibdi.
Bunday keng ko‘lamli o‘rganishlardan ko‘zlangan maqsad – Yangi O‘zbekistonda qaror topgan “Inson qadri – oliy qadriyat” tamoyilini amalda ta’minlash, yurtdoshlarimizning chinakam roziligiga erishish va ularning toat-ibodatlarini yuksak saviyada, ko‘tarinki ruhda ado etishlari uchun bekamu ko‘st sharoit tayyorlash sanaladi!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati