Yomg‘irdan keyin nogironlik aravachasida ko‘chaga chiqqan onaxon yo‘ldagi ko‘lmakda yotgan non bo‘lagini ko‘rib, olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo yo‘l o‘rtarog‘iga yetganida aravachaning oyog‘i bir chuqurga tushib, siqilib qoldi.
Ko‘chadan tezlikda o‘tayotgan bir moshinaning onaxonga suv sachratib o‘tgani mayli, non bo‘lagini bosib ketganidan dili xufton bo‘ldi. Avtoulov sal nariga borib to‘xtadi. So‘ng orqalab onaxonning yaqiniga qaytdi. Undan bir yigitcha tushib, boshini biroz egib, aybdorona qiyofada onaxonning oldiga keldi.
– Men sizga suv sachratib o‘tdim, shekilli. Kechiring, hoji ona, telefonga chalg‘ibman.
Yigit onaning biroz titrab turgan qo‘llaridan tutib o‘pdi va peshonasiga surdi. Aravachani dast ko‘tarib yo‘lning chetiga oldi. Onaxon bir zumda erib tushdi. Yigitdan judayam minnatdor bo‘ldi va nasihat qildi:
– Menga sachragan suv-ku, qurib ketadi. Ammo sen nonni bosib o‘tding, bolam. Bizlar bolaligimizda to‘yib non yesak, o‘sha bizga katta bayram edi. O‘zing tarbiyali yigit ekansan, yo‘lda bunaqa tez haydama. Har narsaning uvoli bor, shuni unutma.
Yigit, “Xo‘p bo‘ladi”, der ekan, Ramazon oyining fazlidan dillar mum kabi erishini, qo‘ldan kelgancha yaxshilik qilish, odamlarning ko‘nglini ranjitmaslikka harakat qilish kerakligini dildan his etdi.
Akbarshoh Rasulov
Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.
Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi izchil islohotlar samarasi o‘laroq, barcha soha va tarmoqlarda katta natijalarga erishilmoqda. "Inson qadri uchun" tamoyili asosidagi yangilanish jarayoni mohiyatini aholiga yetkazish, erishilayotgan ulkan yutuqlarni keng targ‘ib etish, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishda yurtimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta.
Keyingi yillarda yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi – taraqqiyot va istiqbol" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, bir guruh jurnalistlar, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.