Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» degan ezgu g‘oyalari asosida bu muborak oyda hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmayapti.
Shu yil 6 mart kuni Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida ko‘p yillar imom-xatib bo‘lib ishlagan, diniy soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan har bir faxriy imomga davlatimiz Rahbarining sovg‘alari – 10 million so‘m pul mukofotlari topshirildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, «Vaqf» xayriya jamoat fondi vakili qatnashib, omonatlarni o‘z egalariga yetkazdilar.
– Allohga shukrlar bo‘lsinki, faxriy imomlar qadrlagan davrda yashayapmiz, – deydi Shayx Abdulaziz Mansur. – Hurmatli Yurtboshimizning bunday e’tibor va g‘amxo‘rliklaridan boshimiz ko‘kka yetdi.
Ulamolar qadrlangan yurtga baraka yog‘iladi. Ilohim, aziz Vatanimiz bundan-da taraqqiy etaversin.
Prezidentimizning mukofotlarini olgan faxriy imomlar Yurtboshimiz haqlariga, yurtimiz, elimiz fayza barakaga to‘lishini tilab xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV