O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularning muammolariga amaliy yechimlar berilmoqda.
Jumladan, bugun, 11 mart kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi qabulni o‘tkazib, ta’lim, oilaviy masalalar va moddiy yordam so‘rab kelgan fuqarolar bilan samimiy suhbatlashdi.
Murojaatchilarning oilaviy munosabatlarda kelganlariga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu ezgu an’ana nafaqat markaziy idorada, balki yurtimizdagi barcha jome masjidlarda ham har chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan muntazam davom ettirilmoqda. Zero, insonlar og‘irini yengil qilish – asosiy maqsadimiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari shayxulislom tomonidan tuhfa etilgan, O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining umumiy sa’y-harakatlariga bag‘ishlangan “Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi” kitobi uchun minnatdorlik bildirdi.
Muloqot davomida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, yoshlarning ma’naviy tarbiyasini yuksaltirish va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti ikki tomonlama madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim takliflarni ilgari surdi.
Islomning asl insonparvarlik mohiyatini yoshlarga sodda va qiziqarli tarzda tushuntirish uchun raqamli platformalar va interaktiv ta’lim vositalaridan foydalanishda ilmiy salohiyatni birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Ollohshukur Poshshozodaga musulmon dunyosi ilm-faniga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun O‘zbekistonning “El-yurt hurmati” ordenini topshirdi.