O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularning muammolariga amaliy yechimlar berilmoqda.
Jumladan, bugun, 11 mart kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi qabulni o‘tkazib, ta’lim, oilaviy masalalar va moddiy yordam so‘rab kelgan fuqarolar bilan samimiy suhbatlashdi.
Murojaatchilarning oilaviy munosabatlarda kelganlariga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu ezgu an’ana nafaqat markaziy idorada, balki yurtimizdagi barcha jome masjidlarda ham har chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan muntazam davom ettirilmoqda. Zero, insonlar og‘irini yengil qilish – asosiy maqsadimiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
2026 yil 15 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligi majlislar zalida viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha imom-xatiblar ishtirokida 2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosari Abdusattor Otaboyev hamda viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov ishtirok etib, aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, yot g‘oyalar ta’sirining oldini olish, ijro intizomini mustahkamlash, O‘MI ustavi hamda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish masalalari yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdilar. Shuningdek, birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng viloyat imom-xatiblarining “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida Andijon tumanida navbatdagi amaliy seminar-yig‘ilishi tashkil etildi.
Seminar davomida ishchi guruhlar mahallalar va masjidlarda o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldilar, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirdilar hamda masjidlar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdilar. Seminar yakunida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, tegishli vazifalar belgilab berildi.