#xushxabar #yangi_nashr
Yurtimiz allomalari qoldirgan bebaho ilmiy asarlarni o‘rganish, ularni ona tilimizga tarjima qilib xalqimizga yetkazish bugungi kunning muhim masalalaridan.
Ulug‘ vatandoshimiz, qomusiy olim Imom Abulqosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy rahmatullohi alayhning “Maqomoti Zamaxshariy” asari ana shunday qimmatli manbalardan biri hisoblanadi.
Oradan qariyb ming yil o‘tganiga qaramay haligacha ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgan ushbu nodir asar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari, ustoz Homidjon qori Ishmatbekov tomonidan tarjima qilinib, nashr etildi.
Ushbu asar ellikta maqomadan iborat bo‘lib, unda har bir musulmon kishida bo‘lishi talab etiladigan poklik, qanoat, nafs tarbiyasi, iffat, do‘stlik, taqvo, sabr, shukr, Allohdan qo‘rqish kabi go‘zal odoblardan namunalar bayon qilingan.
Arab tiliga qiziquvchi, kelajakda tilshunos bo‘lish istagida bo‘lganlar uchun ham muhim manba bo‘lgan ushbu asarni Alloh taolo xalqimizga muborak aylasin!
Ma’lumot o‘rnida, "Maqomati Zamaxshariy" kitobini yurtimizdagi kitob do‘konlari hamda "Shamsiddinxon Boboxonov" nashriyot matbaa ijodiy uyidan xarid qilish mumkin. (Bog‘lanish raqamlari: +998712273430, +998998391607).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati