Buyuk Britaniyaning London shahrida muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan vatandoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.
Jumladan, London shahrining Beksley hududida Al-Xorazmiy markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 80 ga yaqin vatandoshimiz ishtirok etdi. Dastlab iftorlik dasturxoni yozilib, so‘ng taroveh namozi ado etildi.
Iftorlik va taroveh namozi orasida “Islom insoniylik dinidir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Shuningdek, London shahrining Janubiy Vudford hududida joylashgan Central Asia Community (Markaziy Osiyo jamoasi)da ham iftorlik tadbiri o‘tkazildi. Unda 250 nafarga yaqin vatandosh qatnashdi. Yig‘inda “Islom – tinchlik va go‘zal axloq dini” mavzusida ma’ruza qilib berildi.
Suhbat va ma’ruzalar Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” masjidi imom-xatibi Yahyo domla Abdurahmonov tomonidan olib borilmoqda. Taroveh namozlarida Qur’oni karim xatmi ham ado etilmoqda.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni birlashtirib, ulardagi vatanparvarlik hissini oshirishga, o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik muhitini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Alloh taolo ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlarning ehsonlarini dargohida qabul qilsin, mol-u jonlariga baraka, oilalariga tinchlik va xotirjamlik ato etsin. Yurtimizda bunday xayrli amallar bardavom bo‘lib, yetim bolalarning yuzidagi quvonch va tabassum hech qachon arimasin.
Vaqf.uz sayti orqali o‘zingiz xohlagan yo‘nalishga ehson qilishingiz mumkin!