Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Noyabr, 2026   |   2 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:07
Peshin
12:12
Asr
15:25
Shom
17:10
Xufton
18:26
Bismillah
12 Noyabr, 2026, 2 Jumadul soni, 1448
Yangiliklar

17.03.2026   10784   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Madinada vafot etgan oxirgi sahoba

12.11.2026   1112   3 min.
Madinada vafot etgan oxirgi sahoba

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu peshqadamlar qatorida Islomni qabul qilgan. U yoshligida Ikkinchi Aqaba bay’atida ishtirok etib: «Otam, tog‘am va men Payg‘ambarning sahobalaridanmiz», degan edi. Shuning uchun uni sahobaning va sahobiya ayolning o‘g‘li deyishadi. U ko‘p hadis rivoyat qilgani bilan tanilgan.
 

Jobir ibn Abdulloh o‘n to‘qqizta jangda Rasululloh alayhissalom bilan birga bo‘ldi. Faqat Badr va Uhud janglarida ishtirok etmadi. Chunki otasi Jobirning jangga kirishiga ruxsat bersa, uning opa-singillari qarovchisiz qolishlari mumkin edi.


Jobir roziyallohu anhu uylanganida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qizga uylandingmi yoki beva ayolgami?» deb so‘radilar. Jobir roziyallohu anhu: «Beva ayolga», dedi. Bunday qilishiga singillariga g‘amxo‘r ayol kerakligini sabab qilib ko‘rsatdi.


Otasi Amr roziyallohu anhu Uhud jangida shahid bo‘ladi. Shundan keyin Jobir ibn Abdulloh Rasululloh alayhissalom ishtirok etgan barcha g‘azotlarda qatnashdi. Keyinroq esa hazrat Ali roziyallohu anhu bilan ko‘plab janglarda ishtirok etdi.


Jobir roziyallohu anhu bunday deydi:


«Biz Hudaybiyada nihoyatda chanqadik. Shuning uchun Rasuli akramning huzurlariga bordik va u zotning oldilarida meshni ko‘rdik. U zot sahobalarga: “Alloh nomi bilan ichinglar”, dedilar. So‘ngra suv u zotning barmoqlari orasidan buloqdek qaynab chiqa boshladi. Biz suvdan ichib, tahorat oldik. Hammaga suv yetib-ortdi. Hammaga suv yetarli bo‘lar edi. Vaholanki, biz bir ming besh yuz kishi edik».


Bir kuni Jobir roziyallohu anhu g‘azotdan qaytishda Rasululloh alayhissalomning o‘zlariga hamroh bo‘lishlarini xohladilar. So‘ngra o‘sha kecha Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jobir uchun yigirma besh marta istig‘for aytdilar.


Jobir ibn Abdulloh bunday rivoyat qiladi:

«Xaybar ahli ocharchilikka duch kelganlarida, eshaklarini so‘yib, qozonlarda qaynata boshladilar. Bu ishlari Payg‘ambar alayhissalomga yetib keldi. U zotning amrlariga binoan, qozonlar ag‘darib tashlandi. Shundan keyin u zot xonaki eshaklar, xachirlar, tishli yirtqich hayvonlar va barcha tirnoqli yirtqich qushlar go‘shtlarini yeyishni man qildilar».


Abu Nazradan rivoyat qilinishicha, Jobir ibn Abdulloh hazrat Umar roziyallohu anhu tan olgan peshvolardan edi. O‘z davrida u Madina muftiysi ham bo‘lgan. Uning Masjidi Nabaviyda dars berish halqasi bor edi.


Jobir ibn Abdulloh Payg‘ambarimiz alayhissalomdan 1500 ta hadis rivoyat qilgan mashhur roviydir. Undan bir guruh sahobalar va taniqli tobeinlar hadis rivoyat qilishgan. U rivoyat qilgan hadislar «Sahih» va «Sunan» to‘plamlariga kiritilgan.


Alloh taolo Jobir roziyallohu anhuning umriga baraka berdi. U to‘qson to‘rt yil umr ko‘rdi. Hayotining so‘nggi yillarida ko‘zlari ojiz bo‘lib qoldi. Uning hijriy 74 yoki 78 yilda vafot etgani aytilgan. U Aqaba bay’atini ko‘rgan, Madinada istiqomat qilgan sahobalarning eng oxirgisi edi.


Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Hoshim AMANOV tayyorladi.

(B. Eraliyev uyushtirdi.)

“Hidoyat” jurnalining 2026 yil 5-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Siyrat va islom tarixi