Ramazon ketmaydi… agar uning asari qalbimizda qolsa.
“Xayr, ey Ramazon”, demanglar. Balki: “Ramazonda boshlagan hayotimiz xush kelibsan”, denglar.
Chunki mo‘min bir ibodatni tark etmaydi — balki boshqasiga o‘tadi, bir yaxshilik eshigi yopilmaydi — balki qalbida yana boshqa eshiklar ochiladi.
Doimo esda tutinglar: Ramazonning Parvardigori — butun yilning ham Parvardigoridir. Shuning uchun U bilan bo‘lgan ahdni oy tugashi bilan buzmanglar.
Ro‘za — bu maktabdir. Kim halol narsalardan bir oy o‘zini tiysa, u haromdan butun umr o‘zini tiyishga qodir bo‘ladi.
Qur’on — do‘stdir. Uni Ramazonda ko‘z yoshlaringiz va qalb nuringiz bilan bezagan bo‘lsangiz, endi uni chang bosib ketishiga yo‘l qo‘ymanglar.
Iydni Ramazonning tugash nuqtasi emas, balki yangi sahifaning boshlanishi deb bilinglar.
Qalbingizga tushgan o‘sha sokinlikni, ruhingizni poklagan o‘sha musaffolikni asranglar.
Ramazondan kechirimlilikni olinglar, ro‘zadan sabrni, tungi ibodatdan Allohga yaqinlik lazzatini olinglar va shu bilan hayot yo‘llaringizda davom etinglar.
“Ibrat faqat ro‘za tutib, tunni qoim qilganda emas, balki tavbasi qabul bo‘lib, istiqomatda sobit qolgan kishidadir”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH