Rizq bu – bomdod namoziga o‘z vaqtida ulgurishingiz, mol-mulkingizda kambag‘allarning nasibasi bo‘lishi, biror kuningiz Qur’ondan o‘z virdingizni o‘qimasdan o‘tmasligi, biror soatingiz Allohni zikr qilmasdan o‘tmasligi, garchi bir marta bo‘lsa-da, zikr qilishingiz rizqdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish sharafiga noil bo‘lishingiz ham rizqdir va yana qalb xushusi, ko‘ngil yumshoqligi va miskinlarga bo‘lgan muhabbat ham rizqdandir.
Kimning kuni yuqoridagilardan biror nasibasiz o‘tsa, u yer yuzidagi barcha xazinalarga ega bo‘lsa ham, aslida faqirdir!
Tili va dili bilan iymon keltirib, uning taqozosiga ko‘ra go‘zal hayot kechirgan inson komil mo‘min deyiladi. Bunday kishilar do‘zax yuzini ko‘rmay, Allohning fazli-marhamati ila to‘g‘ri jannatga kiradilar. Tili va dili bilan iymon keltirib, katta gunohlar qilib, tavba qilmay vafot etgan inson fosiq mo‘min hisoblanadi...
Tili bilan iymon keltirib, qalbida iymoni bo‘lmagan kimsa munofiq hisoblanadi. Bunday kishiga dunyoda mo‘minlarga o‘xshab muomala qilingani bilan oxiratda ular uchun hech qanday nasiba bo‘lmaydi, Alloh asrasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Rabboniy nidolar” kitobidan