O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan muntazam yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini tizimli hal etishda yuksak samara bermoqda.
Xususan, joriy yilning 18 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, har bir murojaatni alohida e’tibor bilan ko‘rib chiqdi.
Qabul davomida oilaviy masalalar bo‘yicha kelgan yurtdoshlarimizga shar’iy ko‘rsatma va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordamga muhtoj fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ta’kidlash joizki, aholi muammolarini tinglash va ularga yechim topish jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari hamda jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan shunday gaplashar edilarki, ular o‘zlarini xuddi kattalardek his etishardi. Ammo ayrim odamlar bolalar bilan kulgili tovushlar chiqarib o‘ynashadi. Ba’zan ko‘chadagi bolalar bilan ham ularning jig‘iga tegib, o‘zlari qochib ketmaguncha hazillashadilar.
Hatto 10 yoshar bolani yuzlarini chimchilab xuddi go‘dakka o‘xshab kulishini kutamiz. Bunday erkalashlarda bola o‘zini kattalardek his qilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos bilan suhbatlashganda, unga nimalarni aytganlarini bilasizmi? U zot sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Ey bolakay! Men senga kalimalarni o‘rgataman. Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi. Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda topasan.
So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra. Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista. Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi”.
Ushbu muborak hadis Ibn Abbos roziyallohu anhu orqali bizgacha yetib keldi. Bu go‘zal so‘zlarni Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglaganlarida bor yo‘g‘i 9 yoshda edilar.
Davron NURMUHAMMAD