Samarqand viloyatida joylashgan Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olamida ulug‘ ziyoratgoh hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Imom Buxoriy majmuasining ahamiyatini alohida ta’kidlab, bu maskan islom ma’rifatini yoyish, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim rol o‘ynashi haqida bayon qilgan.
Yaqinda majmuada ilk hayit namozi ado etildi. Bu voqea musulmonlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Namozga minglab namozxonlar tashrif buyurishdi.
Ushbu ko‘rsatuvda Imom Buxoriy majmuasining ahamiyati va ulamolarimiz tomonidan e’tirof etilishi yoritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati