Musulmon kishi nima uchun yaratildiyu, nima qilishi lozimligini yaxshi biladi. Bu borada u ko‘ngliga kelganini emas, balki Robbisining kalomi bilan yashaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xitob qiladi: "Men jin va insni faqat o‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim" (Zoriyot, 56).
“U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi” (Hud, 62).
Musulmon inson Allohga ibodat qilish, insonlarga yaxshilik qilishlik uni ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi. Unga omonat qilib berilgan yagona fursati bo‘lmish dunyo hayotida, ham dunyosini, ham oxiratini obod qiladi.
“Ey iymon keltirganlar! Ruku’ qilinglar, sajda qilinglar va Robbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar – shoyadki, najot topsangiz!” (Haj-77)
Musulmon kishi ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqib namoz o‘qib, Robbisiga ibodat qilib, o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil harakat qiladi. Chunki, u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har-bir qadam uchun Allohdan ulug‘ ajrlar bo‘lishiga qat’iy ishonadi.
Biz yashab turgan dunyo imtihon dunyosidir. O‘zidan keyin yaxshi nom qoldirishni istagan har qanday kishi bu dunyoni ezgu amallar, go‘zal xulqlar bilan o‘tkazishi lozim. Barcha insonlarga birdek yaxshilik qilish, muruvvat ko‘rsatish, mehr-oqibatli bo‘lish katta insoniy fazilat hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda bandalarni mag‘firat va xayrli ishlarga shoshilishga buyurib, bunday marhamat qiladi:
وَسَارِعُوا إِلَىٰ مَغْفِرَةٍ مِّن رَّبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا السَّمَاوَاتُ وَالْأَرْضُ أُعِدَّتْ لِلْمُتَّقِينَ
“Robbingizdan (keluvchi) mag‘firat va kengligi osmonlar-u yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari shoshilingiz!” (Oli Imron, 133-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda, eng yaxshi insonlar o‘zgalarga manfaat va yaxshiligi yetuvchi insonlar ekani zikr etilgan:
خَيْرُ النَّاسِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ
“Insonlarning yaxshisi boshqa insonlarga manfaati ko‘prog‘idir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisda quyidagicha keltiriladi: “Bir kishi Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan: “Islomdagi eng yaxshi (amal) qaysi?” deb so‘radi. U zot: “Taom bermog‘ing hamda tanigan va tanimagan kishiga salom bermog‘ing”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bu dunyo hayotida kishi o‘z yaqinlariga, xattoki tanigan va tanimagan kishilariga imkon qadar yaxshilik qilishi, zaiflarga yordam berishi hamda muxtojlarga ko‘maklashishi lozim hisoblanadi. Bu orqali inson nafaqat bu dunyoda aziz, balki, oxiratda ham sharafga ega bo‘ladi.
Alloh taolo o‘z kalomida yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilik bo‘lishini bayon qilib bunday deydi:
هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَانُ
“Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” (Ar-Rahmon, 60-oyat).
Ruhiy hayotning eng afzal tomonlaridan biri yaxshilik yo‘lidagi o‘zaro yordamdir. Bu narsa ijtimoiy hayotni yuqori darajaga ko‘tarish, jamiyat a’zolarining farovonligini oshirish va ularning qayg‘u-alamlarini yengillatishdan iboratdir. Hozirgi zamon madaniyatida o‘zaro yordam degan tushunchaga katta ahamiyat beriladi. Shuning uchun ham barcha joylarda o‘zaro yordam va hamkorlik tashkilotlari tuzilgan. Mana shuning o‘zi ham har bir shaxs va har bir jamiyatning baxtiyor bo‘lishi uchun o‘zaro yordam zarurligini ko‘rsatadi.
Qur’on o‘zaro yordamga katta ahamiyat bergan. Buni quyidagi oyatdan fahmlab olsak ham bo‘ladi:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
“Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).
Qur’oni Karim yaxshilik va taqvodorlik yo‘lida hamkorlik qilishga buyurmoqda. "Yaxshilik" deganda bu dunyodagi barcha yaxshiliklarni: rostgo‘ylik, omonat, toat-ibodat, saxiylik, shijoat va hokazolarni tushunamiz.
"Yaxshilik" so‘zi dunyodagi barcha fazilatli narsalarni o‘z ichiga oladi. Taqvo esa Allohdan qo‘rqish va Unga itoat qilib ish olib borishni anglatadi.
Yaxshilik va taqvodorlik yo‘lidagi hamkorlik esa bu dunyodami yoki oxiratdami, saodatga erishtiruvchi yaxshi narsalar yo‘lidagi hamkorlikdir.
Qur’oni karimda yaxshi va ezgu amallarni qilish ibodatdan keyingi o‘rinda keltirildi. Demak, yaxshi ishlarda bardavom bo‘lish ibodat qilish bilan teng amal hisoblanadi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ
“Sizlarning yaxshilaringiz – ahli-oilasiga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).
Inson yaxshilikni eng avval o‘z yaqinlaridan boshlashi lozim. Bu ham insonda yaxshilik fazilati mavjud ekanini ko‘rsatadi.
Biz so‘zlashayotgan mavzuda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan quyidagi hadis ham e’tiborga molikdir:
خَيْرُكُمْ مَنْ يُرْجَى خَيْرُهُ وَيُؤمَنُ شَرُّهُ
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz – yaxshiligidan umid qilinuvchi va yomonligidan omonda bo‘linuvchingizdir” – deb marhamat qildilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Ushbu hadisda barchamiz uchun buyuk bir ko‘rsatma bor. Musulmon kishi uni bilgan insonlar undan yaxshilik ko‘ruvchi hamda undan xavf va qurquv kutmasligi lozim. Buning uchun albatta, unda insonlarga nisbatan xayrixohlik va odamgarchilik topilishi kerak. Shunda u odamlar ichida yaxshisi bo‘ladi.
Inson o‘z umrining bog‘ini o‘zi yaratadi. Bu bog‘dagi musaffo osmon, porlab nur sochayotgan quyosh, yoqimli bulbullar xonishi, qushlar parvozi, mexribon ota-onalarimizning borligi, farzandarlarimizning beg‘ubor kulgusi, oilamizning ahilligi, o‘zaro mehr-muhabbat iqlimi, dastarxonlarimiz to‘kinligi, tinchlik-xotirjamlikdagi farovon va osuda hayot barchamizga huzur-halovat bag‘ishlaydi alhamdulillah. Azizlar, umrimizni mana shunday ajib bog‘da ezgulik, xayr-u saxovat, yaxshilik amallariga to‘ldirib yashaylik! Barchamizni Alloh o‘z panohida saqlasin! Omonat dunyoda omon bo‘laylik!
Alloh taolo barchalarimizni odamlar havas qiladigan, yaxshiligi umid qilinadigan va yomonligidan omonlikda bo‘linadigan kishilardan aylasin!
Muhammad Quddus Abdulmannon,
Xo‘jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH