HAYVONLAR HAM BIZ KABI UMMAT.
“Yerda sudralib yurgan har bir jonivor, osmonda qanot qoqayotgan har bir qush xuddi sizlar kabi (Bizning qo‘l ostimizdagi) jamoalardir” (An’om surasi, 38-oyat).
HAYVONGA OZOR BЕRIB, DO‘ZAXGA TUSHGAN AYOL.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir ayol mushuk to‘g‘risida do‘zaxga kirdi. U mushukni bog‘lab qo‘yib, ovqat bermadi va yer hasharotlarini yeyishiga ham yo‘l qo‘ymadi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
HAYVONLAR BORASIDA ALLOHDAN QO‘RQING!
Rasululloh alayhissalom orqasi qorniga yopishgan tuyaning oldidan o‘tib qoldilar va: “Bu tilsiz hayvonlar to‘g‘risida Allohdan qo‘rqingiz. Ularni yaxshi minib, yaxshi yediringlar”, deganlar.
MЕNI BЕKORDAN BЕKORGA O‘LDIRDI...
Nabiy alayhissalom aytdilar: «Kim chumchuqni ham bekordan o‘ldiradigan bo‘lsa, u qiyomat kuni Allohga: “Yo Robbim, falonchi meni bir manfaat yuzasidan emas, bekordan bekorga o‘ldirdi”, deydi».
ALLOHNING LA’NATIGA QOLISHDAN EHTIYOT BO‘LING!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzi kuydirilgan eshakning oldidan o‘tdilar va: “Bunga belgi qo‘ygan kishiga Allohning la’nati bo‘lsin”, dedilar.
PICHOG‘INGIZNI O‘TKIRLANG.
Hayvonni so‘yayotganda pichoqni o‘tkirlash shart. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, Alloh har bir narsaga yaxshilikni vojib etgandir. Agar o‘ldirsangiz, chiroyli o‘ldiring. So‘ysangiz, chiroyli so‘ying. Pichog‘ingizni o‘tkirlang”.
HOLINGGA VOY...
Umar roziyallohu anhu qo‘yni so‘yish uchun oyog‘idan sudrab ketayotgan kishining oldidan o‘tib unga: “Holingga voy, uni o‘limga chiroyli olib borgin”, dedilar.
XALIFA QAYTARGAN AMAL
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh jonivorlar ustiga og‘ir yuk yuklashga va temirli qamchi bilan haydashga ruxsat bermasdilar.
AZOBLASHGA HЕCh KIMNING HAQQI YO‘Q!
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda edik. Bir vaqt kichkina qush ko‘rib qoldik. Uning ikkita jo‘jasi bor edi. Jo‘jalarini olib qo‘ygan edik, tepamizda gir aylanib ucha boshladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim buni bezovta qildi? Bolasini unga qaytaring”, dedilar. So‘ng biz yondirgan chumoli uyasiga ko‘zlari tushib: “Bunga kim o‘t qo‘ydi?” deb so‘radilar.
“Biz”, degan edik, “Parvardigordan boshqaning olov bilan azoblashga haqqi yo‘q”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV