Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qilmoqda.
Qadimiy Buxoro azaldan o‘zining benazir tarixiy, me’moriy va madaniy boyliklari bilan mashhur bo‘lib, asrlar davomida fan, islom ilmi va ma’naviyat markazlaridan biri sifatida tanilgan. Yoshi 2,5 ming yildan oshgan shaharning tarixiy markaziga 1993 yilda YUNЕSKOning Butunjahon merosi obyekti maqomi berilgan.
Oliy martabali mehmon dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi. Bahouddin Naqshband ta’limotining ezgu tamoyili – “Dil ba yoru, dast ba kor” shiori insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka da’vat etishi alohida ta’kidlandi.
So‘ng Somoniylar maqbarasiga tashrif buyurildi. Ushbu me’moriy yodgorlik Markaziy Osiyoda pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlardan biri hisoblanadi. U IX asr oxiri – X asr boshlarida Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.
Uning me’moriy qiyofasida nafaqat islom, balki islomdan avvalgi davr an’analari, jumladan, sug‘d madaniyatiga xos naqshlar ham o‘z aksini topgan. Ta’kidlanganidek, quyosh nurlarining tushishiga qarab, maqbara naqshlari turlicha jilolanadi, binoning kub va gumbaz shaklidagi kompozitsiyasi esa Yer va Osmon uyg‘unligini ramziy ifoda etadi.
Qalinligi qariyb ikki metrga yetadigan devorlar hamda yuqori sifatli g‘isht terimi tufayli ushbu noyob yodgorlik bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan.
Maqbaralarga ziyorat chog‘ida Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.
President.uz
O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.
O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.
Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.
“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.
Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.
“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.
Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.
“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.
Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.
Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.
Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.
“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.
Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati