Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qilmoqda.
Qadimiy Buxoro azaldan o‘zining benazir tarixiy, me’moriy va madaniy boyliklari bilan mashhur bo‘lib, asrlar davomida fan, islom ilmi va ma’naviyat markazlaridan biri sifatida tanilgan. Yoshi 2,5 ming yildan oshgan shaharning tarixiy markaziga 1993 yilda YUNЕSKOning Butunjahon merosi obyekti maqomi berilgan.
Oliy martabali mehmon dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi. Bahouddin Naqshband ta’limotining ezgu tamoyili – “Dil ba yoru, dast ba kor” shiori insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka da’vat etishi alohida ta’kidlandi.
So‘ng Somoniylar maqbarasiga tashrif buyurildi. Ushbu me’moriy yodgorlik Markaziy Osiyoda pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlardan biri hisoblanadi. U IX asr oxiri – X asr boshlarida Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.
Uning me’moriy qiyofasida nafaqat islom, balki islomdan avvalgi davr an’analari, jumladan, sug‘d madaniyatiga xos naqshlar ham o‘z aksini topgan. Ta’kidlanganidek, quyosh nurlarining tushishiga qarab, maqbara naqshlari turlicha jilolanadi, binoning kub va gumbaz shaklidagi kompozitsiyasi esa Yer va Osmon uyg‘unligini ramziy ifoda etadi.
Qalinligi qariyb ikki metrga yetadigan devorlar hamda yuqori sifatli g‘isht terimi tufayli ushbu noyob yodgorlik bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan.
Maqbaralarga ziyorat chog‘ida Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.
President.uz
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati