Yurtimizda milliy sport turlarini ardoqlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Muftiy kubogi" musobaqasiga start berilgan edi.
Shu yil 28 mart kuni Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev boshchiligida viloyatdagi masjid imom-xatiblari va noiblari o‘rtasida milliy kurash bo‘yicha saralash bosqichlari o‘tkazildi.
Bellashuvlar kutilganidan ham qizg‘in va shiddatli kechdi. Din xizmatida bo‘lgan ulamolarimiz bu gal maydonda o‘zlarining jismoniy mahoratlarini namoyish etdilar.
Tadbir yakunida viloyat bosh imomi vohamizning alp o‘g‘lonlari haqiga xayrli duolar qilib, ularning kelgusi bosqichlarda ham qo‘llari baland bo‘lishini tiladilar.
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati