Ekologiya haqida gapirganda, atrof-muhitni Alloh taolo tomonidan bizga berilgan omonat ekanini tushunishimiz kerak.
Inson tabiatning egasi emas, balki uning himoyachisidir. Qur’oni karimda yer yuzidagi muvozanatni buzmaslik haqida shunday deyiladi:
«Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘yganidan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!» (A’rof surasi, 56-oyat).
Tabiatni chiqindilar bilan ifloslantirish, suvni behuda isrof qilish va daraxtlarni sababsiz kesish buzg‘unchilikning bir ko‘rinishidir.
Ekologik madaniyatning eng go‘zal namunasi Payg‘ambarimiz alayhissalomning ushbu hadislarida namoyon bo‘ladi:
«Agar qiyomat qoyim bo‘lib qolsa-yu, birontangizning qo‘lida ko‘chat bo‘lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin» (Imom Ahmad rivoyati).
Bu hadis bizga har qanday vaziyatda ham tabiatga hayot bag‘ishlash, ko‘kalamzorlashtirish naqadar savobli ish ekanini o‘rgatadi.
Suv – hayot manbai. Hatto daryo bo‘yida tahorat olganda ham suvni isrof qilmaslikka buyurilganmiz. Bugungi yoshlar suv va energiya resurslarini tejash orqali nafaqat tabiatni asraydilar, balki dinimizning muhim talabi bo‘lgan isrof qilmaslik tamoyiliga amal qiladilar.
Ekologik madaniyat iymonning bir bo‘lagidir. Tozalik va tartib bor joyda baraka bo‘ladi. Shunday ekan omonatni munosib saqlaylik!
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyining “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2027 yil uchun obuna mavsumiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda soha mutasaddilari, imom-xatiblar va otinoyilar ishtirok etdi. Unda so‘z olganlar jamiyatda sof ma’rifatni yoyish, aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishda diniy-ma’rifiy nashrlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladilar.
Tadbir davomida yakunlanayotgan mavsumda obuna ishlarini namunali tashkil etgan faol diniy soha xodimlariga minnatdorlik bildirilib, yangi yilda ham bu xayrli ishlarni yuqori saviyada davom ettirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Barcha yurtdoshlarimizni “Hidoyat”, “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2027 yil uchun obuna bo‘lishga, xonadonlarga ziyo ulashishdek savobli tashabbusda faol ishtirok etishga chorlaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati