Bismillahir Rohmanir Rohiym
To‘lin oy nur sochar, yulduzlar charog‘on,
Bizni qanday o‘ldirolsin tashvishu g‘am?!
Turli xil ehtimoli bo‘lgan foydasiz tortishuv va bahslarga kirishishdan saqlaning. Chunki bu narsa ko‘ngil siqilishi va xayolning tarqoq bo‘lishiga olib boradi. Turli xil nazariy ko‘rinishlarni qabul qilishi mumkin bo‘lgan masalalarda hammani ishontirishga urinmang. Fikrlaringizni sokinlik bilan bayon qiling, shovqin-suron, bir fikrda mahkam turib olish va talvasaga tushishni butunlay tark eting.
Hammaga raddiya berib tanqid qilaverish qalbingiz rohatini yo‘qotadi va sizni o‘zingiz loyiq bo‘lmagan holga tushirib qo‘yadi. Muloyim va insonlarga suyukli so‘zlaringizni yumshoqlik hamda sokinlik bilan gapiring. Shunda insonlarning qalbini egallaysiz, ularning ruhlariga jon bag‘ishlaysiz.
Shuningdek, insonlarni g‘iybat qilish, ularni mazah qilib mulzam etish ularning qalbiga mahzunlik va g‘am soladi. Bu esa sizning ajr-savoblaringizni ketkazib, gunohlarni yelkangizga yuklaydi, xotirjamligingizni yo‘qotadi.
Insonlarning ayblarini qo‘yib, o‘zingizni ayblaringizni to‘g‘irlash bilan mashg‘ul bo‘ling. Chunki Alloh taolo bizlarni kamchiliksiz va begunoh qilib yaratmagan, hammamizning ham ayblarimiz va gunohlarimiz bor. O‘zining aybini to‘g‘rilash bilan band bo‘lgan, boshqalarning aybini qidirishdan tiyilgan insonga jannat bo‘lsin!
Shu’la: Farzandi yiqilib tushgan ayol baqir-chaqir qilib, yig‘lab vaqtini zoye qilmasligi, aksincha, uning jarohatini bog‘lashga intilishi lozim.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan