Zamonaviy dunyoni internetsiz tasavvur qilish ta’bir joiz bo‘lsa, ibtidoiy davrga qaytish bilan barobar. U bizning kundalik ehtiyojimiz, ish qurolimiz va aloqa vositamizga aylandi. Biroq, donishmandlar aytganidek, har qanday buyum va jihozning xatarli jihati bo‘lgani kabi internetning ham ikki tomoni bo‘lib, u ikki tig‘li pichoq kabidir.
Internetning birinchi tomoni bizning hayotimizni misli ko‘rilmagan darajada osonlashtirdi. Bugun shu tomoni bilan dunyoning eng nufuzli universitetlari ma’ruzalarini tinglamoqdamiz, masofaviy ta’lim va onlayn kurslar orqali o‘z ustimizda ishlayapmiz. Navbatlar, soatlab davom etadigan xaridlar ham qisman o‘tmishda qolayozdi. Kommunal to‘lovlardan tortib, oziq-ovqatgacha, barchasi soniyalar ichida hal bo‘lmoqda. Dunyoning narigi chekkasidagi yaqinlarimiz bilan yuzma-yuz ko‘rishib gaplashgandek muloqot qilinmoqda.
Agar pichoqni noto‘g‘ri tutsangiz, u albatta qo‘lingizni kesadi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz va mazmunsiz videolar insonning eng qimmatli boyligi bo‘lmish vaqtini beayov sovuradi. Kiberfiribgarlik, yolg‘on axborotlar (feyk), yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi mazmundagi saytlar inson ongini zaharlovchi “o‘tkir tig‘”dir. Virtual dunyoda “do‘stlari” ko‘p, ammo real hayotda yolg‘izlanib qolgan insonlar soni ortib bormoqda.
Internetdan manfaatli foydalanish uchun bir nechta oddiy, ammo hayotiy qoidalarga amal qilish zarur:
Internet shunchaki vosita. U yomon ham, yaxshi ham emas. Uni “foydali yoki «halokatli asbob”ga aylantiradigan narsa bizning tanlovimizdir. Raqamli dunyoda yashar ekanmiz, qo‘limizdagi imkoniyatni faqat ezgulik, bunyodkorlik va taraqqiyot yo‘lida ishlatishni o‘rganishimiz shart.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi «Oq masjid» jome masjidining yangi binosi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, tuman imom-xatiblari, mahalla faollari va ko‘p sonli namozxonlar ishtirok etdi.
Yig‘ilganlar mazkur ezgu tashabbusning bardavom bo‘lishini, qurilish ishlarining ko‘ngildagidek, bexatar va tez fursatlarda yakunlanishini tilab, Alloh taolodan xayr-baraka so‘rab duolar qildilar.
Ta’kidlanganidek, yangi bino qad rostlashi natijasida hudud aholisi va masjid qavmi uchun yanada keng, qulay va zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, masjid qurilishiga xolis hissa qo‘shayotgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamda quruvchi-mutaxassislar haqqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati