Zamonaviy dunyoni internetsiz tasavvur qilish ta’bir joiz bo‘lsa, ibtidoiy davrga qaytish bilan barobar. U bizning kundalik ehtiyojimiz, ish qurolimiz va aloqa vositamizga aylandi. Biroq, donishmandlar aytganidek, har qanday buyum va jihozning xatarli jihati bo‘lgani kabi internetning ham ikki tomoni bo‘lib, u ikki tig‘li pichoq kabidir.
Internetning birinchi tomoni bizning hayotimizni misli ko‘rilmagan darajada osonlashtirdi. Bugun shu tomoni bilan dunyoning eng nufuzli universitetlari ma’ruzalarini tinglamoqdamiz, masofaviy ta’lim va onlayn kurslar orqali o‘z ustimizda ishlayapmiz. Navbatlar, soatlab davom etadigan xaridlar ham qisman o‘tmishda qolayozdi. Kommunal to‘lovlardan tortib, oziq-ovqatgacha, barchasi soniyalar ichida hal bo‘lmoqda. Dunyoning narigi chekkasidagi yaqinlarimiz bilan yuzma-yuz ko‘rishib gaplashgandek muloqot qilinmoqda.
Agar pichoqni noto‘g‘ri tutsangiz, u albatta qo‘lingizni kesadi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz va mazmunsiz videolar insonning eng qimmatli boyligi bo‘lmish vaqtini beayov sovuradi. Kiberfiribgarlik, yolg‘on axborotlar (feyk), yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi mazmundagi saytlar inson ongini zaharlovchi “o‘tkir tig‘”dir. Virtual dunyoda “do‘stlari” ko‘p, ammo real hayotda yolg‘izlanib qolgan insonlar soni ortib bormoqda.
Internetdan manfaatli foydalanish uchun bir nechta oddiy, ammo hayotiy qoidalarga amal qilish zarur:
Internet shunchaki vosita. U yomon ham, yaxshi ham emas. Uni “foydali yoki «halokatli asbob”ga aylantiradigan narsa bizning tanlovimizdir. Raqamli dunyoda yashar ekanmiz, qo‘limizdagi imkoniyatni faqat ezgulik, bunyodkorlik va taraqqiyot yo‘lida ishlatishni o‘rganishimiz shart.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Salbchilar Iskandariyaga hujum qilgan vaqtlarida go‘zal va mol-mulki ko‘p bir ayol qochib qolishga ulgurmadi. U bilan birga xizmatkorlari va joriyalari ham bor edi. Shu payt ularning uyiga yevropaliklar qo‘llarida qilichlarini yalang‘ochlab kirib kelishdi va ularning biri: “Pullar qayerda?”, deb so‘radi. U qo‘rqib ketib turgan joyida uy ichidagi sandiqlarda ekanini aytdi va qo‘rquvdan qaltiray boshladi. Ularning biri: “Qo‘rqma, sen mening himoyamda bo‘lasan, mol-mulkim va yaxshiligim ichra huzur-halovatda yashaysan”, dedi. Ayol bundan dushman uni yoqtirib qolganini angladi va qo‘rqib tursada unga chiroyli muomala qilib hojatga chiqib kelishga izn so‘radi. U esa ayol ham shuni xohlaydi deb o‘yladi va unga ruxsat berdi.
Yevropaliklar uy ichiga kirib sandiqlarni talay boshlashdi. Ayol esa uy eshigidan chiqib meshlar to‘la qop-qorong‘u omborga kirdi va u yerga yashirinib oldi. Yevropaliklar esa hamma joyni talab oxiri uni qidirishdi, lekin topa olishmadi va jo‘nab ketishdi. Xizmatchilari va joriyalari ham bu paytda yashirinishga ulgurishgan edi. Shunday qilib ularning barchasi asirlikka tushishdan qutilib qolishdi. Ayol bunday dedi: “Din va nomus salomatligi barcha narsadan ustun. Mol-dunyo esa mana shunday voqealar uchun kerak, xolos. Chunki faqirlik asirga tushish va zulm sabab dinini o‘zgartirishdan ko‘ra yaxshiroqdir”.
Shu’la: Qochib qutilishingiz mumkin bo‘lmagan bir haqiqatni qabul qiling: Bu dunyoda siz doimo o‘zgartirish imkonsiz bo‘lgan ishlarga yo‘liqasiz, ular bilan faqatgina sabr bilan muomala qilishingiz mumkin, xolos.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan