Xushxulqlik – bandalikning eng ulug‘ darajasi bo‘lib, unda mardlikning chin surati namoyon bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining Rasuli sollallohu alayhi vasallamga ko‘plab fazilatlar ato etganiga qaramasdan u zot sollallohu alayhi vasallamni aynan xulqi xushlari bilan madh etdi. Alloh taolo aytadi: “Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).
Olimlar qayd etadilar: “Ulug‘ xulq degani shunday xulq hisoblanadiki, bunday xulq sohibi hech kimga nisbatan adovatda bo‘lmaydi va unda odamlarning nafratiga sabab bo‘ladigan zarracha bo‘lsa ham yomon illatning o‘zi bo‘lmaydi. Bularning barchasi Allohni tanishning yuksak darajalari tufaylidir”.
Boshqa olimlar deydilar: “Ulug‘ xulq – bu odamlarning unga nisbatan qilgan jabru jafolarini Allohdan deb bilganligi sabab ulardan ranjimasligidir”.
Olimlarning quyidagicha fikrlari ham bor: “Ulug‘ xulq – bu kishining butun borlig‘iyu e’tiborini faqat Allohga qaratmog‘idir!”.
Shuningdek, ilohiyot olimlari yuqoridagi oyatni batafsil mana bu tarzda izohlagan ekanlar:
“Ey Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, siz ulug‘ xulq sohibisiz! Bu daraja faqat sizgagina nasib etgan. Boshqa hech bir yaralmish xulqning bu darajasiga ko‘tarila olmaydi. Shuning uchun ham Siz boshqalarning qo‘lidan kelishi mahol bo‘lgan darajada matonatli, sabr sohibisiz”.
Olimlardan yana biri bu oyatni quydagicha izohlagan ekan: "Allohning xulqi bilan xulqlanganingiz uchun odamlarning tuhmati, ta’nayu malomati Sizga salbiy ta’sir etolmaydi va Siz ularning yomonliklaridan yetajak uqubatdan forig‘siz. Zeroki, o‘z kuchingiz bilan emas, Alloh aytganidek, Allohning yordami bilan toqat qilasiz".
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ona suti odatda uch xil: oq, qaymoqsimon va sariq rangda bo‘ladi.
Nima sababdan ona suti turli xil rang bo‘ladi va ular bir-biridan qanday farq qiladi?
Chaqaloq 4-5 soat davomida ovqatlanmaganida, ona suti tarkibidagi suv va laktoza miqdori oshadi va yog‘ miqdori kamayadi. Ya’ni, onaning tanasi chaqaloq suvsizlanayotganini sezadi va sut tarkibi o‘zgaradi. Subhanalloh...
Bularning barchasi o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladimi? Albatta, yo‘q, bu – Allohning qudrati, irodasi va hikmati ila bo‘ladi.
Bu borada shvetsiyalik immunolog Lars Henson (Lars Hanson) va biolog Piter Hartman (Peter Hartmann) yillar davomida tadqiqotlar olib borishgan hamda sodir bo‘lgan jarayonlardan hayratga tushishgan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh sizni onalaringiz qornidan hech narsa bilmaydigan holingizda chiqardi. U sizga quloq, ko‘zlar va dillarni berdi. Shoyadki, shukr qilsangiz” (Nahl surasi, 78-oyat).
Boshqa oyatda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar” (Ibrohim surasi, 34-oyat).
Davron NURMUHAMMAD