O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent islom instituti dots.nti va poytaxtimizdagi "Mulla Xolmirza ota" masjidi imom-xatibi Abdurasul domla Abdullayevning turmush o‘rtog‘i, Toshkent shahar Olmazor tumani otinoyisi Mavjuda hoji onaning vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumani O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumaning yaqinlariga, xususan, Abdurasul domla Abdullayevga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda "Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz", degan sabrlilarga xushxabar bering».
Janoza namozi bugun, 4 aprel kuni Olmazor tumani "Do‘stjonboy" jome masjidida peshin namozidan so‘ng o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Qur’on o‘qisa va undagi bor narsalarga amal qilsa, Qiyomat kuni Alloh uning ota-onasiga bir toj kiydiradiki, uning nuri dunyo quyoshining nuridan ham go‘zalroqdir. Endi bunga amal qilgan kishi haqida nima deb o‘ylaysiz?!” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Shunday ekan, behuda o‘tayotgan vaqtingizni Qur’on yodlash bilan jonlantiring. Zero, Alloh taolo huzurida Qur’on ahlining martabasidan yuqori martaba yo‘qdir.
Qur’on sohibi o‘z ahli-oilasidan do‘zax vojib bo‘lgan o‘n kishini shafoat qiladi.
Qur’on ahli sababli balolar va vabolar ko‘tariladi, yomg‘irlar yog‘adi va ular qayerda bo‘lsalar, o‘sha yerga rahmatlar nozil bo‘ladi.
Siz ham ana shunday insonlardan biri bo‘lishga harakat qiling.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV