Buxoro viloyatida joylashgan Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurtida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov va talabalar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Muloqotda yurtimizda Davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda diniy ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilib, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, talabalar uchun yanada qulay va zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa kelajakda yuksak bilimli, keng dunyoqarashga ega mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, uchrashuvda ta’lim dargohida tahsil olayotgan farg‘onalik talabalarning o‘qish jarayoni, yashash sharoiti va kelgusi rejalari bilan qiziqilib, ularga ilmiy izlanishlarda yanada faol bo‘lish, vaqtdan unumli foydalanish hamda yuksak odob-axloq sohibi bo‘lib yetishish borasida tavsiyalar berildi.
Tadbir doirasida talabalar uchun dasturxon yozilib, samimiy suhbatlar davom etdi. Bunday e’tibor talabalarning ko‘nglini ko‘tarib, ularni yanada ilhomlantirdi.
Shu bilan birga, ta’lim muassasasiga zamonaviy o‘quv jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida smart doska sovg‘a qilindi.
Ushbu jihoz ta’lim sifatini yanada oshirish, darslarni zamonaviy usullarda tashkil etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati