Imom Abu Bakr al-Xabboziy rahimahulloh aytganlar: «Men qattiq kasal bo‘lib qoldim. Solih bir qo‘shnim meni ko‘rgani kelib, bunday dedi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amalga qiling, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Kasallaringizni sadaqa bilan davolanglar”, deganlar.
O‘sha payt yoz fasli edi. Men ko‘p miqdorda tarvuz sotib oldim. Kambag‘allar va bolalarni yig‘ib, ularni tarvuz bilan mehmon qildim. Ular tarvuzni yeb bo‘lgach, qo‘llarini ko‘tarib, Allohdan menga shifo so‘rab duo qildilar.
Allohga qasamki, ertalab men Alloh taoloning inoyati bilan sog‘ayib uyg‘ondim».
(Shamsiddin Zahabiy. “Siyar a’lomun-nubala”. 44/18).
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati