Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2026   |   27 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:05
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:39
Xufton
21:06
Bismillah
15 May, 2026, 27 Zulqa`da, 1447
Yangiliklar

07.04.2026   4142   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

MOSHINA HAYDOVCHINING 66 ta ODOBI

15.05.2026   678   64 min.
MOSHINA HAYDOVCHINING 66 ta ODOBI

MOSHINA HAYDOVCHINING 66 ta ODOBI

ni

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

 

MUTAXASSISLAR STATISTIKASI MA’LUMOTLARI:

Ø Dunyo bo‘yicha har kuni 3 mingdan ziyod inson yo‘l-transport hodisasi qurboniga aylanmoqda.

Ø Dunyo bo‘yicha har kuni 100 mingdan ortiq kishi turli darajada tan jarohati olmoqda.

Ø Respublikamiz hududida har yili o‘rtacha 9-10 mingta yo‘l-transport hodisasi ro‘y beradi.

Ø Ularning 2 mingdan ortig‘i odamlar qurbon bo‘lishiga olib kelmoqda.

Ø Yurtimizda 2023 yilda yo‘l-transport hodisalari sababli 2282 kishi vafot etgan.

Ø Yo‘l harakati hodisalarining tahlillari bo‘yicha 54,5 % hodisalar piyodalar bilan bog‘liq holda sodir etilmoqda.

 

BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI (BMT) ma’lumotlariga ko‘ra:

è Har yili dunyoda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 1,35 million kishi halok bo‘ladi, ya’ni har 24 soniyada bir kishi halok bo‘ladi.

 

è Yo‘l-transport hodisalari – butun dunyoda o‘lim va nogironlikning asosiy sabablaridan biridir.

 

è Yo‘l-transport hodisalari oqibatida har yili qariyb 50 million kishi jarohat oladi.

 

è Butun dunyo bo‘yicha halok bo‘lgan har to‘rt kishidan biri piyoda yoki velosipedchi hisoblanadi.

 

è Bunga yana 20-50 million atrofidagi odam tan jarohati olishi, ba’zilari umrbod nogiron bo‘lib qolishi ham qo‘shilsa, falokat ko‘lami yanada kengayadi.

 

è Yo‘l-transport hodisalari5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘limining asosiy sababidir.

 

è Yo‘l-transport hodisalaribarcha yosh guruhlari bo‘yicha ham o‘limning 10 ta asosiy sababidan biridir.

 

è Past va o‘rta daromadli mamlakatlar bundan ayniqsa ko‘proq zarar ko‘radi: yo‘l-transport hodisalari natijasidagi umumiy o‘limlarning 93 % aynan shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

 

è Jabrlanuvchilarning aksariyatini piyodalar, mototsikl va velosiped haydovchilari tashkil etadi.

 

è Yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlar soni butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda ko‘payishda davom etayotganidan xavotir bildirib, 26.10.2005 yilda BMT Bosh Assambleyasi A/RES/60/5 - Qarori bilan noyabr oyining uchinchi yakshanbasini Butunjahon yo‘l-transport hodisalari qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilish taklifini qabul qildi.

 

è Har yili 15 may – BMT Bosh Assambleyasining buyrug‘iga binoan Yo‘l harakati xavfsizligi global haftaligi o‘tkaziladi.

 

è BMT Bosh Assambleyasi 2021-2030 yillarda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha harakatlar 10-yilligini e’lon qilib,

–     yo‘l-transport hodisalarida o‘lim va jarohatlarni oldini olish;

–     10 yil mobaynida kamida 50 % ga kamaytirish;

–     2030 yilga kelib yo‘l-transport hodisalaridan o‘lim va jarohatlarning kamida 50 foizini oldini olish

ga qaratilgan ulkan maqsadlar bilan

2020 yil sentyabr oyida «Butun dunyoda yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilash» nomli A/RES/74/299 - Rezolyutsiyasini qabul qildi.

 

 

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA

XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:

 

Z   «Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen oyoqlaring bilan zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga yeta olmaysan» (Isro surasi 17/37 oyat);

 

Z   «Alloh nazdida eng azizu mukarramrog‘ingiz – taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir» (Hujurot surasi 49/13 oyat);

 

Z   «Ey, mo‘minlar! Qachonki, sizlarga yig‘ilishlarda: «davrani kengaytiringiz!» – deyilsa, bas, kengaytiringiz, Alloh sizlarga ham kerak paytida keng joy berur. Yana qachonki, «turingiz!» – deyilsa, darhol turingiz! Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni baland daraja martabalarga ko‘tarur. Alloh qilayotgan barcha yaxshi va yomon amallaringizdan xabardordir» (Mujodala surasi 58/11 oyat);

 

Z   «Kimki bir savobli ish qilsa, unga o‘n barobar ko‘paytirib yozilur. Kimki bir yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha gunoh miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay» (An’om surasi 6/160 oyat).

 

 

 

JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ 

RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:

 

¯ «Bir kishi yo‘lda ketayotib, tikanli butoqni ko‘rsa va uni chetga olib tashlasa, Alloh uni bu ishi uchun mukofotlab, gunohlarini kechiradi» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

 

¯ «Yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin so‘z bilan!»;

 

¯ «Haq bo‘la turib, tortishuvni tark qilgan kishi uchun jannatning bir tomonida bir qasr bino qilinishiga;

hazil bo‘lsa ham, yolg‘onni tark qilgan kishiga jannatning o‘rtasida bir qasr bino qilinishiga;

xulqi go‘zal, odobi chiroyli bo‘lgan kishi uchun esa jannatning eng yuqorisida bir qasr bino qilinishiga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

 

¯ «Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir»;

 

¯ «Yo‘lning haqqi – ko‘zni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

 

¯ «Mo‘minlarning imoni eng mukammali – xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);

 

¯ «Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir»;

 

¯ «Men ulug‘ xulqlarni mukammal qilish uchun yuborilganman» (Imom Bazzor rivoyatlari);

 

¯ «Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi»;

 

¯ «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);

 

¯ «Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytish – sadaqadir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

 

¯ «Qo‘shnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yomon odamsiz»;

 

¯ «Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning o‘rtasini isloh qilishdir» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);   

 

¯ «Musulmon kishini so‘kish – fosiqlikdir. U bilan urushish – kofirlikdir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

 

¯ «Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur»;

 

¯ «Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin!» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

 

¯ «Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi» (Imom Ibn Moja rivoyatlari);

 

¯ «Poklik – imondandir»;

 

¯ «Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi»;

 

¯ «Kimiki biror mo‘min kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, go‘yo tirigicha ko‘milgan go‘dakni tiriltirganchalik savobga ega bo‘lur» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);

 

¯ «Odamlarga minnatdorchilik izhor etaolmagan odam, Xudoga ham shukr qilaolmaydi» (Imom Termiziy rivoyatlari);

 

¯ «Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi»;

 

¯ «Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur»;

 

¯ «Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimizni ulug‘lamagan – bizlardan emas» (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari);

 

¯ «Qaysi kishi o‘zganing aybini ko‘rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko‘milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo‘ladi» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

 

¯ «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan?” deydi»;

 

¯ «Kim musulmonni qo‘rqitsa, Qiyomatda Alloh uni qo‘rqitadi»;

 

¯ «Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi»;

 

¯ «Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering!» (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);

 

¯ «Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak»;

 

¯ «Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi» (Imom Muslim rivoyatlari);

 

¯ «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘la olmaydi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

 

¯ «Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar – to‘g‘ri yo‘l topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon bo‘lasizlar»;

 

¯ «Musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

 

¯ «Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi»;

 

¯ «Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz»;

 

¯ «Butun umr ezgulikni tilanglar!»;

 

¯ «Yo‘lga chiqayotganida do‘stlari bilan xayrlashgan kishi ularning duolari bilan barakaga qovushadi» (Imom Daylamiy rivoyatlari);

 

¯ «Haqiqiy musulmon – musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

 

¯ «Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi»;

 

¯ «Silai rahm qilish, xushxulqlik va yaxshi qo‘shnichilik – yurtni obod va umrni ziyoda etadi» (Imom Ahmad rivoyatlari);

 

¯ «Mo‘min – ishonchli kishidir. Tilidan va qo‘lidan musulmonlarga zarari yetmaydigan kishi – haqiqiy musulmondir. Yomonliklarni tark etgan kishi – asl muhojirdir. Nafsim qudrati qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, qo‘shnisiga zulm qiladigan kishi jannatga kirmaydi!»;

 

¯ «Haqiqiy musulmonning qo‘lidan ham, tilidan ham musulmonlar ozor ko‘rishmaydi» (Imom Muslim rivoyatlari);

 

¯ «Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar»;

 

¯ «Kim bir musulmonga bu dunyoda yordam bersa, Alloh Oxiratda unga yordam qiladi»;

 

¯ «Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi»;

 

¯ «Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin»;

 

¯ «Tilidan va qo‘lidan musulmonlarga zarari yetmaydigan kishi – haqiqiy musulmondir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

 

¯ «Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir»;

 

¯ «Qachon birortangiz mol-dunyo va xilqatda o‘zidan afzalroq kishini ko‘rsa, o‘zidan pastroqqa qarasin!..» (Imom Buxoriy rivoyatlari).

 

DONO XALQIMIZ MAQOLLARI:

 

Ü  Ota-ona rozi – Xudo rozi!

 

Ü  Yaxshi o‘g‘il ota molini biylar,

Yomon o‘g‘il ota molini sochar.

 

Ü  O‘zingga ravo ko‘rmaganni

O‘zgaga ham ravo ko‘rma!

 

Ü  Kishining ko‘nglini og‘ritma zinhor –

Sening ham ko‘nglingni og‘rituvchilar bor!

 

Ü  Yaxshiga qilsang yaxshilik –

Ham aytadi, ham qaytadi.

Yomonga qilsang yaxshilik –

Na aytadi, na qaytadi.

 

Ü  Ko‘za kunda emas, kunida sinadi.

 

Ü  Odob bilan baxt topilar,

Sabr bilan – taxt.

 

Ü  Oshiqmagan olisga yetar.

 

Ü  Sabr – achchiq, mevasi – shirin.

 

Ü  Sabr tagi – rahmon,

Shoshgan ishi – shayton.

 

Ü  Achchiq savol berib,

Shirin javob kutma.

 

Ü  Achchiq til – zahri ilon,

Chuchuk tilga – jon qurbon.

 

Ü  Sabr etgan yetar murodga,

Besabr – qolar uyatga.

 

Ü  Sabr etgan – murodga yetgan.

 

Ü  Yomonlikka yaxshilik – er kishining ishidir.

Yomonlikka yomonlik – har kishining ishidir.

 

Ü  Qarg‘ishning ikki uchi bo‘lar.

 

Ü  Sabrli bo‘lsang – o‘zarsan,

Sabrsiz bo‘lsang – to‘zarsan.

 

Ü  Uzun til – boshga to‘qmoq,

Bo‘yinga – sirtmoq.

 

Ü  Sabrli kishining ishi soz!

 

Ü  Sabrlining boshiga olma bitar,

Sabrsizning boshiga – g‘avg‘o.

 

Ü  Suvsagan o‘lmas, hovliqqan o‘lar.

 

Ü  So‘ragan adashmas, o‘ylovchi shoshmas.

 

Ü  Tek yurgan, to‘q yurar.

 

Ü  Toy mingan ot ham minar.

 

Ü  Toqat qilsang, tog‘ egilar,

Sabr qilsang – bog‘ egilar.

 

Ü  Toqatliga tog‘lar egar boshini,

Betoqatning itlar yeyar loshini.

 

Ü  Chopib borgan yerga,

Yurib borsa ham bo‘lar.

 

Ü  Shoshgan ishga shayton qo‘shilar.

 

Ü  Do‘st orttiraman desang –

Shirin suhbat qil!

Dushman orttiraman desang –

Chaqirtikan bo‘l!

 

Ü  Shoshgan er uyiga yetolmas,

Shoshgan qiz erga yolchimas.

 

Ü  Shoshganning ishi o‘ngmas.

 

Ü  Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar,

Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.

 

Ü  Shoshilgan yiqilar,

Shoshmagan oyga chiqar.

 

Ü  O‘zi sovuqning – so‘zi sovuq.

 

Ü  Hamma yaxshi – men yomon,

Hamma bug‘doy – men somon.

 

Ü  O‘ziga boqma – so‘ziga boq!

 

Ü  Taom lazzati o‘zida,

Odam lazzati – so‘zida.

 

Ü  Har mevaning po‘chog‘i bor,

Har so‘zning o‘lchovi bor.

 

Ü  Tilingda bo‘lsa boling –

Kulib turar iqboling.

 

Ü  Yomon til boshga balo keltirar.

Yaxshi til davlat, dunyo keltirar.

 

Ü  Mazlumlar dilini og‘ritma bir zum,

Balki bir kun o‘zing bo‘lasan mazlum...

 

Ü  Shoshmasang, tez yetasan,

Shoshgandan o‘zib ketasan.

 

Ü  Yaxshi ot keyin chopar.

 

Ü  Kimki qilsa yomonlik – aslo topmas omonlik.

 

Ü  Qanoat qilsang, qorning to‘yar,

Beqanoat – otini so‘yar.

 

 ULUG‘LARDAN  HIKMATLAR:

v Dovud payg‘ambarning o‘ttizta o‘g‘illari bo‘libdi...

Bir kuni peshin namoziga odamlar kechika boshlabdi. Dovud payg‘ambar orqalariga qarasalar, o‘ng tomonlarida o‘n beshta o‘g‘illari, chap tomonlarida o‘n beshta o‘g‘illari o‘tiribdi ekan.

Shunda sal maqtanchoqlikka bo‘y oldirib:

–     O‘zimiz ham bir jamoa ekanmiz-ku, elni kutmasdan namozimizni boshlayveramiz... Xudo xohlasa, o‘ttiz o‘g‘lim bor, haq dinni butun elga o‘zim yetkazaman, degan o‘y kelib, namozni boshlab ketibdilar.

 

...Xudoga Dovud payg‘ambarning bu ishlari yoqmadi. Dovud payg‘ambar namoz vaqtida “Assalomu alaykum varahmatulloh!” deb, o‘ng tomonga salom berganlarida o‘n beshta o‘g‘illari jon topshirdi. Chap tomonga salom berganlarida, qolgan o‘n beshta o‘g‘illari bandalikni bajo keltirdi.

Xatosini uqqan Dovud payg‘ambar alayhissalom ko‘z yoshlarini daryo qilib, Yaratgandan kechirim so‘radilar...

Rahmi cheksiz Alloh taolo:

–     O‘ttizta o‘g‘lingizni qaytarib beraymi yo o‘ttizini o‘rnini bosadigan bitta o‘g‘il beraymi? – deb so‘radi.

–     Sening amring ikki bo‘lmaydi... O‘ttiz o‘g‘limning jonlari jannatda bo‘lsin... Menga ularning o‘rnini bosadigan bitta o‘g‘il bersang bas...

–     Aytganingiz bo‘lsin! Lekin bolaning umri qisqa bo‘ladi. Men unga faqat to‘qqiz yil umr beraman.

–     Mayli, shunisiga ham shukr! – deb, Dovud payg‘ambar kelasi yil o‘g‘il ko‘radilar.

 

U bolaning ismi Sulaymon edi. Sulaymon ish buyurishga yarab qolgan paytida Dovud payg‘ambar uning qo‘liga qumg‘on (obdasta), yelkasiga sochiq osib:

–     O‘g‘lim, sen endi bizning uyga kelgan mehmonlarning yosh-mi, qari-mi hammasining qo‘liga suv quyib turgin! Suvni uch marta uzib-uzib quyasan. To‘rtinchi marta, agar mehmon so‘rasa, quyasan.

–     Ota, nega uzib quyishim kerak?

–     Sababi – o‘likni yuvishganda suvni uzmay quyadi. Sen axir suvni tirik odamlarga quyasan-da, o‘g‘lim... Ikkisini farqi bor – dedilar.

 

Dovud payg‘ambarga kelgan yosh-qarining hammasi, suv quyib turgan Sulaymonga “Yuzga kir, bolam!”, “Qo‘ling dard ko‘rmasin!”, “Katta olim bo‘lgin!”, “Podsho bo‘lgin!”, “Ulug‘ inson bo‘lgin!”, “Umring uzoq, rizqing butun bo‘lsin!”, deb rahmatlar aytardi.

 

Bir kuni Sulaymon to‘qqiz yoshga to‘ldi.

U paytlarda bolasi to‘qqizga to‘lgach, uni bir qizga unashtirib qo‘yish lozim edi. ...Lekin Allohning “bolaga faqat to‘qqiz yil umr beraman” degani Dovud alayhissalomning eslarida edi.

Bir kuni Dovud payg‘ambar saharda Allohni zikr qilib o‘tirar edilar... Sulaymonning yoshi to‘qqizdan oshdi. U endi jon taslim qilishi kerak edi. Buning tirik qolganining sababini so‘radi va agar jonini olmaydigan bo‘lsa, bolani unashtirish lozimligini aytdi...

Shunda Xaq Taolo:

–     Mening ismlarimdan biri – Rahimdur! Minglab odamlar sizning bolangizga uzoq umr tiladi. Men shuncha xalqning duosini qaytara olmayman... Sulaymon uzoq umr ko‘radi, U barcha yerdagi maxluqlarni, osmondagi qushlarning va barcha dengizdagi baliqlarning tilini biladigan bo‘ladi. Barcha odamlar va jinlarga hukmronlik qiladi, – deb javob berdi.

 

Ana shundan boshlab yosh bolalar qariyalarning duosini olsin, deb, to‘y-marosimlarda ularga suv quydirib qo‘yadigan betakror va beqiyos go‘zal urf-odat paydo bo‘libdi...

 

v «Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,

Ko‘ngli qottig‘, dil ozordin Xudo bezor,

Alloh haqi, ondog‘ qulg‘a sijjin tayyor,

Donolardin eshitib, bu so‘z aydim mano».

(Hoja Ahmad Yassaviy)

 

v «Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay».

(Alisher Navoiy)

 

v «Agar bo‘lsang ipak kabi muloyim,

Muloyim sen bo‘lsang, quling bo‘layin.

Qulog‘imga bergan panding olayin,

Kishiga qattiq so‘z aytuvchi bo‘lma».

(Maxtumquli)

 

v «Agarchi ul oyoq ostidadur xor –
Xudo maxluqidur, og‘ritma zinhor!
Takabbur qilmag‘il, ey, bema’oniy,
Faloniy o‘g‘lidurman deb faloniy!
»
(So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu)

 

v «Burung‘i holig‘a qilma nazzora,
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otag‘a, qolma talabdin!
Qiyomatda so‘ralmasdir nasabdin
».

(So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu)

 

v «Agar sen qiblaga burmasang yuzni,

Besh mahal sajdayu namozing bekor.

Jannatga hech qachon tikmagil ko‘zni

Agar bir mo‘minga yetkazsang ozor».

(Abdulla Oripov)

 

v «Makkaga yetti qat borgancha bo‘lur,

Boshini silasang o‘ksik insonni».

(Abdulla Oripov).

 

 

ULAMOI KIROMLAR AYTADILARki...: 

Þ   Har bir harakatlarimizni Xudo ko‘rib turganini doim esda tutishlik darkor!

Þ   Hatto ilm ham go‘zal insoniylik uchun kifoya qilmaydi. Chunki insonning go‘zalligi uning odob-axloqi bilan namoyon bo‘ladi.

Þ   Ulamolar faqat ilmning o‘zi olimga naf bermasligiga, balki uning odob bilan ziynatlanishi zarurligiga shaytonni misol qilib keltirganlar. Ya’ni shaytonda ham ilm bo‘lgan, ammo unda go‘zal axloq bo‘lmagan. Shuning uchun odob insonning qadr-qimmatini belgilovchi mezon hisoblanadi.

Þ   Dinimiz ko‘rsatmalari inson hayotining hamma jihatini o‘z ichiga qamrab oladi va uning shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy hayotidagi o‘rnini belgilab bergan.

Þ   Musulmon kishi o‘zgalar bilan muomala qilishda chiroyli xulqli bo‘lishi – ayni dinimiz talabi!

Þ   Turli ulov va transport vositalari – Alloh taoloning bizga bergan ne’matlari.

Þ   Har bir ne’matning shukri – uni shariatga muvofiq, go‘zal holatda ishlatishdir. Shuning uchun inson ulovda yurganida qo‘lidan kelganicha o‘zi va o‘zgalarni xatarga qo‘ymasligi, piyodalar, yo‘lovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yo‘l harakati qoidalariga, svetofor chiroqlari ishoralariga rioya qilishi lozim bo‘ladi. 

Þ   Moshinaga minishni yaxshi niyat bilan boshlash, yo‘l davomida o‘zgalar bilan chiroyli muomala qilish – yuksak odob namunasidir.

Þ   Jumhur ulamolar yo‘l harakati qoidalariga amal qilish vojib ekanini ta’kidlashadi

Þ   Chunki yo‘l harakati qoidalaridan hamma odamlarning foydasi ko‘zlanadi va qoidalarga amal qilish – vojib sanalanadi

Þ   Moshina haydash, avtoulov boshqarish uchun belgilangan tartibda, o‘rnatilgan qoidalarga muvofiq tegishli tashkilot tomonidan berilgan rasmiy hujjat (haydovchilik guvohnomasi, maxsus ruxsatnoma) bo‘lmasdan avtoulovni haydash yaxshilikka olib kelmaydi.

Þ   Haydovchilik guvohnomasi (maxsus ruxsatnoma) bo‘lmasdan avtoulovni boshqarishning oqibati haydovchi insonning o‘zi uchun ham, oila a’zolari uchun ham, boshqa odamlar uchun ham juda ayanchli, o‘ta zararli va nihoyatda achinarli bo‘lib, ba’zi holatlarda esa bu dunyodan tezroq ketishiga ham sabab bo‘ladi.

Þ   O‘zini tanigan, aql-zakovatli, uzoqni ko‘zlagan, o‘zi, oila a’zolari, yaqinlari va atrofdagilariga zarar yetkazishni xohlamagan insonlar o‘zlarini ehtiyot qilib, avtoulovni haydovchilik guvohnomasi (maxsus ruxsatnoma)siz boshqarishdan jiddiy va qattiq saqlanadilar.

Þ   Shar’iy qoidalarimizga ko‘ra haydovchi o‘zgalarning joni, moliga yetkazgan zarari uchun javobgar bo‘ladi. 

Þ   Haydovchiga bog‘liq bo‘lmagan, uning aybi yo‘q holatlar – bundan mustasno.

Þ   Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam quyidagi narsalarni yo‘lning haqqi deganlar: “ko‘zni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikga buyurish va yomonlikdan qaytarish” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Þ   Hadisi sharifdagi “aziyat” so‘zi ko‘p narsalarni o‘z ichiga oladi. Eng yomonlaridan biri – o‘zgalarga til bilan ozor yetkazishdir. Ayniqsa haqorat, so‘kish – musulmonlik odoblariga mutlaqo ziddir!

Þ   Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu xususda shunday deganlar: “Musulmon kishini so‘kish – fosiqlikdir. U bilan urushish – kofirlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Þ   Ochiq oydin gunoh qiladigan odamni “fosiq” deyiladi. Bir musulmonni joniga qasd qilish katta gunohligini bilib turib, uni qonini halol sanash – kufrdir.

Þ   Asl qoida – transport vositasi haydovchisi harakat davomida moshinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga mas’uldir. Chunki moshina uning qo‘lidagi vosita va haydovchi uni boshqarishga qodir. Moshina o‘zicha harakatlanmaydi. Shuning uchun haydovchi moshinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan yetkazgan zararga zomin, javobgar bo‘ladi.

Þ   Haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib o‘zgaga zarar yetkazsa, javobgar bo‘lishida shubha yo‘q. Chunki haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi.

Þ   Mo‘min-musulmonlar yo‘l harakati qoidalariga va yo‘l odoblariga kuzatuv kameralari yoki yo‘l patrul xizmati inspektori qarab turgani uchungina emas, balki shariatimiz talabi ekanligini inobatga olish lozim.

Þ   Bugungi kunda yo‘ldagi tartibsizliklar, dilxiraliklar va o‘lim holatlari bo‘yicha “birinchilik”ni musulmon yurtlari qo‘ldan bermay kelmoqdalar. Aslida esa yo‘l madaniyati borasida musulmonlar emas, balki boshqalarning peshqadam bo‘lishi biz uchun or hisoblanmog‘i darkor.

Þ   Aslo shoshilib yurmang! Halokat uchun 100 martta emas, 1 martta xatoga yo‘l qo‘yish qifoya qiladi.

Þ   Besh (5) narsada shoshilish tavsiya etiladi:

1) Mehmonga ovqat tortishda.

2) Qarzni uzishda.

3) Mayyitni ko‘mishga hozirlashda.

4) Qizni turmushga chiqarishda.

5) Gunohdan tavba qilishda.

Þ   Ayollar, yoshlari kattalar, yosh bolalar va nogironlar yo‘ldan o‘tayotganda imkon qadar ularga yo‘l berish va ularni cho‘chitmaslikka bor kuch bilan harakat qilish kerak! Zero hadisi shariflarda “Kim musulmonni qo‘rqitsa, Qiyomatda Alloh uni qo‘rqitadi” deyiladi.

Þ   Yo‘lda bilib-bilmay sizga ozor yetkazgan insonga javob qaytarishga harakat qilmang!

Islom odobi yomonlik qilganga yomonlik qaytarishga buyurmaydi!

Balki yaxshilik qilishga buyuradi!

Þ   Agar o‘z hayotingiz qadriga yetmasangiz, siz bilan bo‘lgan hamrohlaringiz hayotini, moshinangiz atrofidagilarni hayotlarini o‘ylang! Vaholanki, o‘z hayotingiz qadriga yetmaslikka ham haqqingiz yo‘q!

Þ   Ko‘chadan o‘tish yoki unda to‘xtab turish haqqi – umumiy. Undan piyoda ham, avtomoshinada ham foydalanish mumkin. Bunda salomatlik, ya’ni o‘ziga ham, o‘zgaga ham zarar bermaslik shart qilinadi.

Þ   Piyodalar ham yo‘l qoidalariga amal qilishlari lozim.

Þ   Qizil chiroqda o‘tish – boshqa bir yo‘l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish hisoblanadi. 

Þ   Yo‘lning qatnov qismida, shuningdek piyodalar o‘tish joylarida harakatlanayotgan piyodalarning telefondan foydalanish, tele-video mahsulotlarni ko‘rish-eshitish, radio, audio mahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot o‘qish hamda e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishlari mutlaqo man etiladi.

Þ   Muborak dinimizning yo‘l harakatidagi ENG ASOSIY 4 (to‘rt) ta talabi:

1)   Har bir yo‘l harakati ishtirokchisi yo‘l harakat qoidalariga qat’iy rioya etish;

2)   Yo‘lda yurish odoblarini so‘zsiz bajarish;

3)   Bir-birlariga nisbatan hurmat va bag‘rikenglik bilan muomala qilish;

4)   O‘zi yaxshi ko‘rganni o‘zgalarga ham ravo ko‘rish.

Þ   Shariat man etgan narsalarni iste’mol qilib avtomobilni boshqarishda bandasidan emas, gunohi ikki karra bo‘lishidan avvalo Xudodan qo‘rqish kerak!

Þ   Imkon qadar farzandlariga ham moshina haydashni o‘rgatmoqlik lozim.

Þ   Birovning shaxsiy moshinasiga mingan odam xuddi uning uyiga kirgan kabidir. O‘zini shunga xos va mos tutishi lozim.

Þ   Kim musulmon?!?

Musulmon kishi kim o‘zi aslida?!?

Buning javobini Janobi sevikli Payg‘ambarimiz Allohning Habibi Muhammad mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizlarga o‘rgatib, muborak ta’lim-tarbiyalarini berdilar: «Tilidan va qo‘lidan musulmonlarga zarari yetmaydigan kishi – haqiqiy musulmondir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

Þ   O‘zining moshinasidan afzalroq moshinani ko‘rsa, o‘zidan pastroqqa qarasin!

Þ   O‘zining moshinasidan afzalroq moshinaga hasad emas, havas bilan, o‘zidan pastroqqa esa mehr bilan qarash darkor, Yaratganga shukr va istig‘forni ko‘paytirish lozim.

 

MOSHINA HAYDOVCHINING 66 ta ODOBI

(bularning aksi

mo‘min-musulmon insonga

mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi!!!)

 

1)  Moshinaga minishda yaxshi niyat bilan eng avvalo «Auuzu billohi minashshaytonir rajim!», «Bismillohir rahmonir rahim!» deb, o‘ng qo‘l bilan eshikni ochib, o‘ng oyog‘ini oldin bosib chiqishlik.

2)  Moshinaga chiqayotib, salom berishlik.

3)  Moshinaga minganda, qisqagina tilovat qilib, o‘tganlarning haqlariga duo qilib, belgilangan duolarini o‘qishlik.

4)  Moshinada o‘zini xuddi birovning uyida yoki jamoatchilik joyida o‘tirgandek tutishlik.

5)  Moshinani ichki va tashqi tomonlarini doim toza, ozoda va pokiza tutishlik.

6)  Moshinaning texnik talablarini buzmasdan, ularga so‘zsiz va to‘liq rioya etishlik.

7)  Moshinani har doim barcha joylari sozlangan va minishga yaroqli holda haydamoqlik.

8)  Yo‘lga chiqishdan oldin ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar)ning duolarini olib chiqishlik.

9)  O‘zi yaxshi ko‘rganni o‘zgalarga ham ravo ko‘rishlik.

10)  Bir-biriga nisbatan rahmdillik, mehr-oqibat, hurmat va bag‘rikenglik bilan muomala qilishlik.

11)  Odamlar bilan muomalada hayo, uyatni unutmaslik.

12)  Nafaqat insonlar bilan, balki hayvon, parranda, hasharotlar hatto o‘simliklar bilan ham chiroyli xulq-odob bilan muomala qilishlik.

13)  O‘zidan kattalarni doim hurmat qilishlik.

14)  O‘zidan kichiklarni doim izzat qilishlik.

15)  Hargiz va hargiz boshqalarga noqulaylik tug‘dirmaslik.

16)  Hech kimga hech qayerda va hech narsaga jahl qilmaslik!

17)  Atrofdagilar bilan doim shirinsuxan bo‘lishlik!

18)  Yo‘l asnosida atrofdagilarga biror savol bilan murojaat qilganda, javob bergan odamga minnatdorchilik izhor etishlik.

19)  Moshina haydovchisi til, qo‘l, oyoq va boshqa harakatlar orqali ham boshqalarga ozor berishi dinimiz ko‘rsatmalariga aslo to‘g‘ri kelmaydigan amal. Chunki bunday ishlar muborak oyati-karimalar va hadisi-shariflarda qattiq qoralangan.

20)  Yo‘l harakat qoidalari va yo‘lda yurish odoblariga to‘liq va din-diyonat bilan rioya qilishlik.

21)  Moshina bilan ham kechayu-kunduz OTA-ONANING xizmatlarini og‘rinmasdan, mehr bilan bajarib, ULARNING bebaho, beqiyos va betakror duolarini olishlik.

22)  Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) ning hurmatlarini joyiga qo‘yishlik.

23)  Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) ga nisbatan beodoblik qilmaslik.

24)  Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) oldilaridan imkon qadar kesib o‘tmaslik. Mabodo shunga majbur bo‘lib qolgan holda, uzr aytib, kechirim so‘rashlik.

25)  Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar)  ning imkon qadar oldilariga tushib yurmaslik. Mabodo shunga majbur bo‘lib qolgan holda, uzr aytib, kechirim so‘rashlik.

26)  O‘z aka-uka, opa-singillariga moshina bilan ham mehribonlik qilib, doim xizmat-yumushlarini beminnat ado etishlik.

27)  Qavm-qarindoshlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, issiq-sovuq kunlarida moshina bilan ham beminnat xizmat qilishlik.

28)  Qo‘ni-qo‘shnilar bilan chiroyli muomala qilib, issiq-sovuq kunlarida ham, ular ehtiyoj sezganlarida ham moshina bilan ham beminnat xizmat qilishlik.

29)  Inson zotini manfaati ko‘zlab o‘rnatilgan tartib-qoidalarga insof bilan, din-diyonat bilan rioya etishlik.

30)  Inson zotini manfaati ko‘zlab qo‘yilgan yo‘l belgi (znak)lar talablarini hamda svetofor ishoralarini buzmaslik.

31)  Og‘ir bo‘lib, bosiqlik va sabr bilan yurishlik.

32)  Sira ham shoshilmaslik, zero shoshilish – shaytondandir.

33)  Juda sekin ham harakatlanmaslik.

34)  Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda imkon qadar signal chalmaslik.

35)  Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda video-ovoz chiqarish uskunalarini ovozini keskin pasaytirishlik.

36)  Agar mutlaqo o‘chirib qo‘yilsa, yanada ulug‘roq bo‘ladi.

37)  Har qanday katta-kichik yo‘ldagi har qanday qabristonning ham yonidan o‘tganda, tezlikni sezilarli darajada pasaytirishlik.

38)  Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda imkon qadar sekinroq harakatlanishlik.

39)  Har qanday katta-kichik yo‘ldagi qabristonning yonidan o‘tganda, o‘tganlarimizning haqlariga duo qilishlik.

40)  Har qanday katta-kichik yo‘ldagi har qanday kasalxonaning yonidan o‘tganda, barcha bemorlarning haqlariga duo qilishlik.

41)  Quloqchin (naushnik) ishlatmaslik.

42)  Imkon qadar telefon bilan gaplashmaslik.

43)  Harakat davomida oynadan boshqa haydovchilar va yo‘lovchilar bilan gaplashmaslik.

44)  Avtomoshina oynasidan turli narsalarni tashlab yubormaslik.

45)  Bo‘lar-bo‘lmasga signal chalmaslik.

46)  Moshinadagi (video, ovoz chiqarish) uskunalarini ovozini baland qo‘yish bilan o‘zgalarga ozor bermaslik.

47)  Ko‘pchilik harakatlanayotgan joyda yurganda jamoatchilik odoblariga rioya qilish lozim.

48)  Ehtiyojmandlarga tez-tez xayr-ehson, sadaqa qilib turishlik.

49)  Uyda, ko‘chada va barcha jamoat joylarida biror narsa umidvor bo‘lib, so‘rab kelgan insonni quruq qaytarmaslik.

50)  Ko‘pchilik harakatlanayotgan joylar ham xuddi majlislar kabidir. Ularda ham majlislar odoblariga rioya qilgan kabi odob-axloq me’yorlariga rioya etish lozim bo‘ladi.

51)  Yo‘l harakati asnosida ham Yong‘in xavfsizligi, Tez tibbiy yordam va shu kabi tashkilotlarning moshinalariga imkon qadar yo‘lni tezroq bo‘shatib qo‘yish lozim.

52)  Moshina haydovchisi shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasligi ham odobdandir. Zero baqir-chaqir, shovqin-suron qilishlik musulmon kishilarga mutlaqo yarashmaydi.

53)  Haqiqiy mo‘min-musulmon kishi qachon, kimning oldida va qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zini yuksak odob doirasida tutadi.

54)  Kechki paytda boshqa haydovchilarning hamda piyodalarning ko‘zlarini qamashtiradigan darajada yoritgichlarni yoqib yurmaslik.

55)  Yo‘lda sarson bo‘lib, qiynalib turganlarga imkon qadar ko‘maklashib, yordam berishlik – haqiqiy mo‘min-musulmon kishining eng savobli ishlaridan hisoblanadi. Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Kim bir musulmonga bu dunyoda yordam bersa, Alloh Oxiratda unga yordam qiladi”.

56)  Borayotgan manzilga bir oz yetmasdan 10-20 metr oldin to‘xtashlik.

57)  Borayotgan manzilda mabodo odamlar to‘plangan joy bo‘lsa, undan kamida 20-30 metr oldin to‘xtashlik.

58)  Borgan manzilga moshinani o‘sha joyning eshigi, darvozasi, kirib-chiqish joyiga ro‘para qo‘ymaslik hamda atrofdagi odamlar va boshqa moshinalarga ham har tomonlama xalaqit bermaydigan darajada qilib qo‘yishlik.

59)  Kishi bilan xayrlashganda odamning oldida eshikni qattiq yopmaslik. Imkoni bo‘lsa, bir oz yurgandan keyin yopishlik.

60)  Uyga kelganda kelganini bildirish uchun yoki eshik, darvozani ochishlari uchun moshina signali bilan yoki o‘z ovozi bilan boshqalarga ozor bermaslik.

61)  Avtoulovni duch kelgan joyda qoldirmasdan, boshqalarga zarar bermaydigan joyni tanlash lozim.

62)  Turli jamoat joylari (kasalxona, bozor, maktab, masjid, savdo markazlari, avtoturargoh va hokazo)da moshinani juda katta diqqat va nihoyatda jiddiy e’tibor bilan, moshinalarga ham, odamlarga ham mutlaqo ozor yetkazmaydigan holda qilib qo‘yishlik.

63)  Hatto o‘z uyining, o‘z ishxonasining oldiga ham qo‘shnilar, yo‘lovchilarga aslo ozor bermaydigan qilib qo‘yishlik.

64)  Biror joyga mehmonga borganda ham yoki biron yumush bilan to‘xtaganda ham moshinani qo‘shnilar, yo‘lovchilarga aslo ozor bermaydigan, birovlarni yo‘lini to‘sib qo‘ymaydigan qilib qo‘yishlik.

65)  Manziliga yetib borganidan keyin, Xudoga shukr qilib, moshinaga ham minnatdorchilik izhor etiladi.

66)  O‘zidagi mavjud ulovga doim shukr qilishlik.

 

Mehribon Parvardigorimiz

o‘zlarimizni ham,

farzand-zurriyotlarimizni ham

O‘zi buyurgan,

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan

yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon domla Inomov

Maqolalar