Sayt test holatida ishlamoqda!
06 May, 2026   |   18 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:44
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:29
Xufton
20:54
Bismillah
06 May, 2026, 18 Zulqa`da, 1447
Yangiliklar

07.04.2026   4358   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bir qo‘chqor va ikki kambag‘alning qissasi

06.05.2026   50   3 min.
Bir qo‘chqor va ikki kambag‘alning qissasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir boy kishi hech kim bilmasligi uchun qurbonlik qilinadigan qo‘ylarni maxfiy ravishda sadaqa qilishni xohladi. U o‘z qo‘ylariga faqat o‘zi biladigan maxsus belgilar qo‘ygan edi. U xizmatkorlaridan biri orqali qo‘shni qishloqdagi eng muhtoj, ko‘p farzandli va kambag‘al oilalarga bittadan semiz qo‘chqorlarni yubordi. Bu boy kishining go‘zal odati shunday ediki, u ko‘p sadaqa qilardi-yu, lekin buni xizmatkorlaridan boshqa hech kim bilmasdi.

Bir kuni boy kishi bozorda yurib, to‘satdan kechagina qo‘shni qishloqqa sadaqa qilib yuborgan qo‘chqorlaridan birini kambag‘al kishining qo‘lida ko‘rib qoldi. Boy kishi juda hayron bo‘lib, ichida dedi: Bu qo‘chqor mening sadaqalarimdan-ku! Xizmatkorim uni mana shu odamga bergan bo‘lsa, nega u buni sotyapti? Demak, bu odam muhtoj emas ekan, xizmatkorim manzilda adashibdi.

Boy kishi kambag‘alga yaqinlashib so‘radi:

— Bu bahaybat qo‘chqorni o‘zing boqqanmisan yoki biror savdogardan sotib oldingmi?

Kambag‘al kishi tabassum bilan javob berdi:

— Allohga qasamki, na unisi va na bunisi. Buning ajoyib qissasi bor. Kecha eshigim taqilladi, qarasam, bir notanish kishi turibdi. U menga: «Bu qo‘chqorni sizga xojam hadya qildi», dedi-yu, xojasining ismini aytmay ketdi. Ko‘rib turganingizdek, bu qo‘chqor juda katta. Mening esa xuddi o‘zimdek o‘ta muhtoj, serfarzand bir qo‘shnim bor. U hayit uchun nafaqat qo‘y, balki go‘sht yoki tovuq sotib olishga ham qurbi yetmaydi. Shuning uchun bu qo‘chqorni sotib, puliga ikkita kichikroq qo‘y olmoqchiman: birini o‘zimga, ikkinchisini esa o‘sha muhtoj qo‘shnimga beraman.

Bu gaplarni eshitgan boy kishi yig‘lab yubordi va dedi:

— Baraka top, senga xushxabar bo‘lsin! Robbimiz: Sizlar suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysiz (Oli Imron surasi) deb aytganida haq edi. Sen o‘zing shu go‘shtga juda muhtoj bo‘la turib, ehson qilyapsan.

Janobi Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam: Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘lolmaydi deganlar (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).

Qo‘shnining holidan xabardor bo‘lish – mana shu haqiqiy Islomdir! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yonidagi qo‘shnisi och o‘tirib, o‘zi to‘q uxlagan kishi bizdan emas” deb aytganlar.

Boy kishi so‘zida davom etdi:

— Ey birodar, men bu katta qo‘chqorni sendan sotib olaman. Mana pulini ol-da, borib ikkita qo‘y sotib ol. Sen mendan va menga o‘xshagan boylardan ko‘ra saxiyroq ekansan. Chunki boylar boridan, kengchilikdan infoq qiladilar, sen esa yo‘qchilik va tanglik holida ehson qilyapsan.

 

Qani edi biz ham kambag‘allarning holidan xabar olsak... Agar har bir boy o‘z qo‘shnilaridan xabardor bo‘lganida edi, yurtimizda birorta ham kambag‘al qolmasdi. Agar har bir boy zakotini chiqarganida edi, yurtda birorta muhtoj qolmasdi.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

 

Maqolalar