2026 yil 7 aprel kuni "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom bilim yurtida bitiruvchi kurs talabalari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti mas’ul xodimlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Bilim yurti mudiri Jaloliddin Abdirazoqov boshchiligida o‘tgan uchrashuvda asosiy e’tibor yosh mutaxassislarning istiqboldagi faoliyatiga qaratildi.
Muloqot davomida joriy o‘quv yilida ta’lim muassasasini tamomlayotgan 35 nafar talabaga ularning ish joylari bo‘yicha taqsimoti, kelajakdagi xizmat vazifalari va sohada kutilayotgan mas’uliyatli jarayonlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida bitiruvchilarga diniy soha rivoji yo‘lida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar taqdim etildi.
Bilim yurti matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati