Bir insonga nisbatan muhabbatli bo‘lishning ikkinchi sababi – uning husnu jamolidir. Inson zoti xushsurat kishini, chiroyli narsani yoki chiroyli manzarani ko‘rganda ko‘ngli beixtiyor unga moyil bo‘ladi. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga shu darajada husnu jamol ato etganki, buni bayon qilib berish mushkul bir ishdir.
1. Hadisi sharifda bunday deyiladi:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ عَنِ النَّبِىِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: »إِنَّ اللَّهَ جَمِيلٌ يُحِبُّ الْجَمَالَ «رواه مسلم.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh go‘zaldir, U Zot go‘zallikni yaxshi ko‘radi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Agar Alloh taolo chiroyni sevsa, O‘z mahbubi deb, O‘zi yaratgan zotga qanchalik husn ato etgan bo‘ladi?
2. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Alloh taolo qaysiki nabiyni jo‘natmasin, uni nihoyatda xushovoz va xushsurat qilib yaratgan. Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam esa ularning barchalaridan go‘zal va xushovoz edilar» (Shamoili Termiziy).
3. Alloma Qurtubiy rahmatullohi alayh: «Nabiyyi akramning to‘liq jamollari zohir qilinmagan, yo‘qsa u zotga qarashga inson zotining toqati yetmas edi», deb yozganlar.
4. Muftiy Ilohiy Baxsh Kondehlaviy rahmatullohi alayh «Shiymul Habib» kitoblarida bunday yozadilar: «Buncha husnu jamollari bilan odamlarning u zotga Yusuf alayhissalomga oshiq bo‘lgandek oshiq bo‘lib qolmaganining sababi – Alloh taoloning rashki tufaylidir. Alloh taolo odamlarga u zotning jamollarini to‘lig‘icha ko‘rsatmagan».
5. U zot alayhissalom bir hadisi sharifda «Birodarim Yusuf sabihdir, men esa malihman (dilkashman)», deganlar.
6. Alloh taolo Qur’oni karimda Muso alayhissalomga xitoban bunday marhamat qiladi:
﴿وَأَلْقَيْتُ عَلَيْكَ مَحَبَّةً مِّنِّي﴾
«Va senga O‘zimdan muhabbat soldim» (Toha surasi, 32-oyat).
Mufassirlar bu oyatning bayonida bunday sharh yozganlar: «Alloh taolo Muso alayhissalomning ko‘ziga shu darajada malohat berdiki, kimki u zotga qarasa, mahliyo bo‘lib qolar edi. Agar u zotning ko‘zlariga qarab, Fir’avnning qalbi yumshagan bo‘lsa, boshdan-oyoq malohatga limmo lim bo‘lgan Nabiyi akramga boqqan kishining holi qanday bo‘lgan ekan?».
9. Sayyida Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Nabiyi akram sollallohu alayhi vasallam chimildiqdagi kelindan ham hayoli edilar. Agar Zulayhoning dugonalari Yusuf alayhissalomni ko‘rib, qo‘llarini kesgan bo‘lsalar, Rasulullohni ko‘rganlarida qo‘llarini emas, yuraklarini kesib, pora-pora qilgan bo‘lardilar” (Sharhi Shamoil).
Sayyida Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bunday nazm bitganlar:
لنا شمسٌ وللآفاق شمسٌ
وشمسی خیرُ من شمسِ السماءِ
Tarjima:
Bizda ham quyosh bor, ufqlarda ham quyosh bor,
Ammo mening quyoshim osmondagi quyoshdan afzaldir.
10. Sahobai kirom roziyallohu anhum aytadilar: «Qachon Rasulullohga qarasak, u zotning chehralari bamisoli Qur’oni karimning varag‘i kabi edi».
11. Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning nabirasi Robi’ binti Mas’ud roziyallohu anhodan «Rasulullohning ko‘rinishlarini so‘zlab bering», deb so‘radilar. Shunda u zot: «U zotni ko‘rsang, go‘yoki sahar payti chiqayotgan quyoshga qarayotgandek bo‘lasan», dedilar.
12. Bir kishi hazrat Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak yuzlari shamshirning jilolanishi kabi yaltirar edimi?» deb so‘ragan edi, u zot shu zahoti: «Yo‘q! Yo‘q! U zotning yuzlari quyosh va oy kabi porlar edi», deb javob berdilar.
13. Hazrat Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu bunday hikoya qiladilar: «Men u zotni diqqat bilan kuzatdim, doimo u zot bilan birga bo‘ldim va yuzlarini ko‘rib, yolg‘onchi emasliklariga ishonch hosil qildim. So‘ngra yaqinlashib borib, «Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning elchisidir», deb guvohlik berdim».
14. Anas ibn Molik roziyallohu anhu: «Rasulullohning hidlaridan xushbo‘yroq mushk-anbar yoki boshqa narsaning iforini hidlamaganman», deganlar.
Xusho chashmiki did on ro‘yi zebo,
Xusho dilki dorad xayoli Muhammad.
Tarjima:
Ne baxt ko‘zgaki, ko‘rdi ul go‘zal yuzni,
Ne baxt dilgaki, ko‘tardi Muhammadning muhabbatini.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati