“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bitiruvchi talabalarni ishga taqsimlashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini yuzaga chiqarish borasidagi davlat siyosatining izchil davomi sifatida, 2026 yil 8 aprel kuni "Xoja Buxoriy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida muhim tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Kadrlar, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot hamda Masjidlar bilan ishlish bo‘limlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Mehmonlar dastlab ta’lim muassasasida talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindin tanishib, so‘ng bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar. Uchrashuv davomida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va soha oldida turgan istiqbolli vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Muloqotning asosiy qismi bitiruvchilarni ishga taqsimlash masalasiga bag‘ishlandi. Mas’ullar tomonidan bo‘lajak mutaxassislarga kelgusi mehnat faoliyatida amal qilishi lozim bo‘lgan kasbiy etika va muhim tavsiyalar tushuntirildi.
Shuningdek, ta’limni yuqori bosqichlarda davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar alohida qayd etildi. Samimiy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida bitiruvchilarning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat va zafarlar tilandi.
“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi
Matbuot xizmati
Bugun, 29 aprel kuni “Yagona olimpiada – 2026” bilimlar bellashuvining yakuniy respublika bosqichi Imom Termiziy nomidagi islom institutida bo‘lib o‘tdi. Unda 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari kesimida birinchilikni qo‘lga kiritgan talabalar ishtirok etdi.
Tanlovda ishtirokchilar arab tili, fiqh, aqoid va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazdi. Mazkur jarayonlarini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Qizg‘in kechgan bahslardan so‘ng yakuniy natijalar quyidagicha bo‘ldi:
I-o‘rinni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Ilhom Baxtiyorov qo‘lga kiritdi.
G‘olib talaba “Vaqf” fondi granti asosida oliy diniy ta’lim muassasasiga imtihonsiz o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, u O‘zbekiston musulmonlari idorasining birinchi darajali diplomi va 10 million so‘mlik pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
II-o‘rin “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muascasasi talabasi Muhammadyusuf Abduvohidovga nasib etdi.
Ikkinchi o‘rin sohibi oliy diniy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishi uchun imtihon natijalari bo‘yicha o‘zi to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball olish imtiyozini qo‘lga kiritdi. Unga O‘zbekiston musulmonlari idorasining ikkinchi darajali diplomi va 7 million so‘mlik pul mukofoti berildi;
III-o‘ringa “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Otabek Yusupov munosib deb topildi.
Talabaga oliy diniy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishi uchun imtihon natijalari bo‘yicha o‘zi to‘plagan ballning 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ball olish imtiyozi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining uchinchi darajali diplomi va 5 million so‘mlik pul mukofoti berildi.
Tanlovning boshqa ishtirokchilariga ham qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar topshirildi.
Alloh taolo olimpiada g‘oliblariga imtiyoz va sovrinlarni muborak qilsin, ilm musobaqalarining bardavom bo‘lishini nasib aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati