9–11 aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbir jahon tarixi va madaniyatida Amir Temur hamda Sharq Renessansi sivilizatsiyasining o‘rnini muhokama qilish uchun yirik xalqaro maydonga aylanadi.
Konferensiyada dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 300 nafardan ziyod ishtirokchi — yetakchi olimlar, ekspertlar, diplomatlar va jamoatchilik vakillari qatnashadi. Taklif etilganlar orasida xalqaro tashkilotlar va ilmiy markazlar, jumladan ICESCO, Oksford islom tadqiqotlari markazi, IRCICA va «Al-Furqon» jamg‘armasi vakillari ham bor.
Konferensiya tashkilotchilari sifatida Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Tashqi ishlar vazirligi ishtirok etmoqda. Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Jahon jamiyati (WOSCU) bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar Temuriylar davrining asosiy jihatlarini muhokama qiladilar: davlat boshqaruvi va diplomatiya, harbiy san’at va strategiya, me’morchilik va shaharsozlik, shuningdek fan, ta’lim va madaniyat rivoji. Amir Temur merosining jahon sivilizatsiyasi, siyosat va iqtisodiyot shakllanishiga ta’siriga alohida e’tibor qaratiladi.
Xalqaro anjuman dasturidan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif, mavzuli ko‘rgazmalar, «Amir Temur va Donna Mariya» badiiy filmi namoyishi, mepping-shou, shuningdek «Konigilda to‘y» sahnalashtirilgan teatr tomoshasi ham o‘rin olgan.
Konferensiya yakunida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqiladi va buyuk Temuriylar merosini yanada o‘rganish hamda ommalashtirishga qaratilgan yo‘l xaritasi qabul qilinadi. Yopilish marosimi davomida Islom sivilizatsiyasi markazi bilan qator yetakchi xalqaro ilmiy va madaniy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanadi.
Ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi xalqaro ilmiy muloqotni mustahkamlash va O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon hamjamiyatida targ‘ib etishda muhim qadam bo‘ladi.
t.me/islommarkazi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston–Ozarbayjon sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif xayrli amaldan – Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo o‘qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati