Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Betgachoparlik – kibrning nishonasi

09.04.2026   12408   3 min.
Betgachoparlik – kibrning nishonasi

Avtobusda ketar ekanman, yosh yigit va keksa kishi o‘rtasidagi janjal diqqatimni tortdi. Aftidan mo‘ysafid yigitchaning o‘zini beadablarcha tutishiga e’tiroz bildirgan va bu tortishuvga sabab bo‘lgan edi. O‘smir cholga qarab: “Men bilan ishingiz bo‘lmasin, nasihatingizni uyga borib nevaralaringizga qiling”, deb gap qaytarar, qariya: “Bolam, odobni o‘rgan, jamoat joyida yurish-turishingga, og‘zingdan chiqayotgan gap-so‘zga e’tiborli bo‘l”, derdi. Bahsga atrofdagilar ham aralashib, yigitchani insofga chaqirishdi, ammo u gapdan qolay demasdi. Avtobus bekatga to‘xtagach, chol: “Hayf senga shuncha gap”, degancha qo‘l siltab tushib ketdi va o‘smir ham ortidan bir nimalar dedi.

O‘ylanib qolasan: bu yigitcha o‘z ota-onasiga ham shunday muomala qilarmikan? Bunga shubha yo‘q. Chunki begonalarni hurmat qilmaydigan kishi o‘z yaqinlariga ham shunday munosabatda bo‘ladi. Bu unga yoshlikdan to‘g‘ri tarbiya berilmagani, odob o‘rgatilmaganining oqibatidir. Endi esa ushbu xatoni to‘g‘rilash ancha mushkulot tug‘diradi.

Tan olish kerak, bugungi kunda ayrim yoshlar orasida betgachoparlik, gap qaytarish, kattalarga hurmatsizlik kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat oila, balki butun jamiyat Betgachoparlik – kibrning nishonasi ma’naviyati uchun xavf tug‘diradi.

Betgachoparlik faqat qo‘pollik emas, balki qalbdagi kibrning nishonasidir. Katta kishi so‘zlayotganda gap qaytarish, ovozni baland qilish, yuzni burish, telefondan bosh ko‘tarmaslik, masxaraomuz kulish – o‘ziga bino qo‘yishning eng yuqori ko‘rinishi. Unutmaslik lozim, avvaliga “oddiy holat”dek tuyulgan bu harakatlar asta-sekin xulq-atvorga aylanadi.

Tasavvur qiling: ota o‘g‘liga muloyimlik bilan nasihat qilmoqda. Farzand esa qo‘lida telefon, ko‘zi ekranda. Pand-nasihatni eshitgisi kelmay, “Ha, bo‘ldi-da!” deb jerkiydi. Otaning qalbi og‘riydi. Eng og‘ir holat – ota-onaga nisbatan qattiq so‘z ishlatish. Bu nafaqat odobsizlik, balki og‘ir gunohdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kichiklarimizga mehribon bo‘lmaganlar, kattalarimiz haqini bilmaganlar bizdan emas”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, kattalarni hurmat qilish – oddiy axloqiy talab emas, balki iymon belgisidir.

Bugungi kunda achinarli bir holatga guvoh bo‘lyapmiz. Ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda ayrim “vayn”chilar katta yoshli insonlarni masxaralash, ularga qo‘pol hazillar qilish orqali obunachilarini ko‘paytirish payida. Bu esa yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Oqibatda ayrim yigit-qizlar begonalar tugul, o‘z ota-onasining ham yuziga tik qarash, ularni muhokama qilishgacha borishyapti.

Ko‘pincha yoshlarning bunday qilmishiga arzimas kamchilikdek qaraymiz. Ammo uning oqibatlari jiddiydir. Ya’ni bunday odobsizlik ota-ona roziligidan mahrum bo‘lish, odamlar orasida hurmatni yo‘qotish, yaqinlar bilan munosabatlarning sovishi, bu qilmishning kelajakda farzandlardan qaytishiga olib kelishi mumkin. Oilada yaxshi axloqiy muhitni kuchaytirmas, farzandlarga kichikligidan kattalarga hurmat ko‘rsatishni o‘rgatmas, bu borada ularga namuna bo‘lmas, telefon va internetdan foydalanishlarini nazorat qilmas ekanmiz, bunday ayanchli oqibatlarning oldi olinmaydi.

Esdan chiqarmaylik, yoshlik – faqat faxr yo g‘urur emas, kamtarlik davridir. Kimki o‘z kamolotiga intilsa, husni xulq, odobni mahkam tutadi. Kamolotga poydevor esa navqironlik faslida qo‘yiladi.

To‘lqin ShЕRNAYEV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni butunlay o‘zgartirdi" — Ilhom Aliyev

24.08.2026   4952   2 min.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

U Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgan davrdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
 

"Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yo‘liga qo‘yish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi", — dedi Ilhom Aliyev.



Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.
 

"Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz — jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda", — dedi u.



Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
 

"Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi", — dedi Ozarbayjon Prezidenti.


Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmaganini ta’kidladi.

Ayni paytda tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu ko‘rsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
 

"Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir", — dedi u.



Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va o‘zaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini qayd etdi.

 

VIDEO