Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qachonki siz namozda tashahhud va salovot o‘qiyotganingizda, iltimos, qalbingiz to‘liq hozir bo‘lsin va aytayotgan kalimalaringizni ma’nosini tushunib ayting:
1. “At-tahiyyatu lillah…”
Siz Podshoh — Alloh hurzuridasiz. Unga hech qanday to‘siqsiz bevosita salom beryapsiz. Go‘yoki shu lahzada Alloh bilan “suhbatdasiz”. Tasavvur qiling, sizning salomingiz qanday bo‘lishi kerak? Albatta, kimga murojaat qilayotganingizga mos, ixlos va hurmat bilan bo‘lishi lozim.
2. “Vas-salavotu vat-toyyibat”
Bu namoz — faqat Sening yuzing uchun, ey Alloh! Bu — Sening rububiyatingni tan olishdir.
3. “As-salomu alayka ayyuhan-nabiyyu va rahmatullohi va barakotuh”
Allohga salom berganingizdan so‘ng, endi Payg‘ambarga salom yo‘llaysiz. Shu kichikgina o‘tirishda siz Rabbul-olamin va Uning Rasuli — Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan “uchrashganday” bo‘lasiz. Bu manzarani, bu ulug‘ majlisni bir lahza bo‘lsa ham qalbingizda tasavvur qiling.
4. “As-salomu alayna va ala ibadillohis-solihiyn”
Siz o‘zingizga ham go‘zal salom beryapsiz (“o‘zingizga go‘zal salom beringlar”). O‘zingizni shu nur doirasiga kiritdingiz. Podshoh va Uning Rasuli huzurida o‘zingizga salom berdingiz. So‘ngra Allohning solih bandalariga salom berasiz — go‘yo siz ham ular safiga qo‘shilgandek bo‘lasiz.
Butun dunyoda shu bog‘lanishdan ko‘ra go‘zal, yuksak va pok aloqa bormi?!!
Ey namoz o‘quvchi! Iltimos, namozingizdagi shu oddiy, lekin juda ulug‘ lahzalarning lazzatini qo‘ldan boy bermang. Siz bir kunda besh marta Alloh, Uning Rasuli, o‘zingiz va solih bandalar bilan “uchrashasiz”.
Lekin salom berganingizda, kimga salom berayotganingizni eslang!
Allohim! Bizga o‘rgatganingdan foyda ber, bizga foydali ilm o‘rgat va ilmimizni ziyoda qil. Omin, ey Robbul-olamin.
Bashariyatga ta’lim bergan zotga salavot aytib turing:
U zotga salavot va salomlar bo‘lsin.
Salavot ayting:
— tiz cho‘kib o‘tirib, qushchasi o‘lgan bolanga tasalli bergan zotga;
— muhabbatni “Meni Oisha haqida ozorlamanglar” degan so‘z bilan ifodalagan zotga;
— bir kuni unga ozor bermagani uchun kasal bo‘lib qolgan yahudiyni borib holidan xabar olgan zotga;
— Qiyomat kuni: “Ummatim! Ummatim!” deb nido qiladigan zotga.
Allohim, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlaringni yog‘dir!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari musulmon olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan eng yirik ilmiy-fiqhiy tashkilot – Xalqaro islom fiqhi akademiyasiga a’zo bo‘ldilar.
Bu haqda mazkur akademiya bosh kotibi professor Qutb Mustafo Sanodan tabrik maktubi olindi.
Bu quvonchli voqea Yangi O‘zbekistonda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning xalqaro darajadagi yuksak e’tirofi bo‘lib, Muftiy hazratlarining din rivoji, ummat saodati va xalqlar hamjihatligi yo‘lidagi xizmatlariga berilgan yuqori bahodir.
Ushbu xalqaro akademiya Muftiy hazratlari a’zo bo‘lgan sakkizinchi xalqaro tashkilot bo‘lib, bundan avval Turkiy davlatlar muftiylari kengashi (2021 y.), Abu Dabi tinchlik forumi (BAA, 2023 y.), Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (Qatar, 2023 y.), Musulmon donishmandlar kengashi (BAA, 2024 y.), Islomiy fiqh akademiyasi (Saudiya Arabistoni, 2024 y.), Islom olami uyushmasi (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) va Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud nomidagi Hadisi sharif akademiyasi (Saudiya Arabistoni, 2026 y.) a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Xalqaro islom fiqhi akademiyasi (arabcha: مجمع الفقه الإسلامي الدولي, inglizcha: International Islamic Fiqh Academy - IIFA) — islom olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan xalqaro ilmiy-fiqhiy tashkilot hisoblanadi.
Akademiya Islom hamkorlik tashkiloti (IHT - OIC) huzuridagi oliy ilmiy organ hisoblanadi. U 1981 yilda Makka shahrida tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Jidda shahrida joylashgan. Mazkur akademiyaga professor Qutb Mustafo Sano rahbarlik qiladi. Uning asosiy maqsadlari zamonaviy masalalarga fatvo berish, bayonotlar e’lon qilish, ma’naviy merosni asrash, tadqiq etish, Islom ummati birligini ta’minlash va mo‘tadillikni targ‘ib etish kabilardir.
Tashkilotga a’zo bo‘lgan 57 ta davlatning eng ko‘zga ko‘ringan olimlari, faqihlari va muftiylari akademiya a’zosi bo‘ladi. Akademiya muntazam ravishda xalqaro anjumanlar va yig‘ilishlar o‘tkazadi. Har bir dolzarb masala yuzasidan dunyo ulamolarining ma’ruzalari, ilmiy tadqiqotlari va xulosalari tinglanadi. Qabul qilingan qarorlar to‘plami musulmon dunyosidagi ishonchli manbalardan biri sanaladi.
Alloh taolodan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Xalqaro islom fiqhi akademiyasidagi faoliyatlarida kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati