Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri "Navro‘z" mahalla fuqarolar yig‘ini 19-uyda yashovchi Madina Qurbonovaning eski, xaroba holatdagi xonadoni ta’mirlab berildi.
Og‘ir sharoitda yashab kelgan oilaning uyi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Uy egalari bu quvonchli lahzada samimiy xursandchilik bildirib, duolar qilishdi.
Mazkur xayrli ishlar saxovatli insonlarning ehsonlari sabab amalga oshirilmoqda
Alloh taolo marhamat qiladi:
"Yaxshilik qilsangiz — o‘zingiz uchundir." (Isro surasi, 7-oyat)
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar:
"Rahm qilganlarga Rahmon ham rahm qiladi."
Shu kabi ezgu ishlar orqali yana ko‘plab oilalarning hayotiga nur kirib bormoqda.
Siz ham yaxshilikka sababchi bo‘ling!
O‘ZINGIZ XOHLAGAN YO‘NALISHNI TANLANG VA EHSON QILING!
manba:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Inson dardiga sherik bo‘lish, og‘irini yengillatib, ko‘ngliga shodlik ulashish — islom dinining eng go‘zal qadriyatlaridan biridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi», deya marhamat qilganlar.
Ana shu ezgu ta’limotga muvofiq, bugun, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdilar. Unda Toshkent shahri, Surxondaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istondan kelgan 70 ga yaqin yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlari tinglandi.
Qabulda fuqarolarning har bir masalasiga alohida e’tibor qaratildi: ijtimoiy ko‘mak va davolanish uchun moddiy yordam so‘rab kelgan ehtiyojmandlarga tegishli tartibda yordam choralari belgilandi, hududlardagi masjidlar holati va diniy xizmat bilan bog‘liq masalalar nazoratga olindi, ta’lim olish, oilaviy murosa hamda shar’iy hukmlar bo‘yicha kelgan yurtdoshlarimizga zarur yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berildi. Shuningdek, qabulga shukronalik izhor etib, duo olish niyatida kelgan nuroniy otaxon-onaxonlarning ezgu tilaklari qabul qilindi.
O‘z muammolariga amaliy yechim va ko‘ngliga taskin topgan yurtdoshlarimiz diniy soha mutasaddilaridan mamnun bo‘lib, yuzida tabassum va qalbida duolar bilan qaytdilar.
Eslatib o‘tamiz, xalq bilan yaqindan muloqot qilish va ularning murojaatlariga yechim topish jarayonlari yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam olib borilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati