So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj safariga oid asossiz e’lonlar ko‘paymoqda. Afsuski, o‘tgan yili yuzlab o‘zbekistonliklar noqonuniy yo‘llar bilan hajga borib, ibodatlarini to‘liq ado eta olishmadi. Ba’zilari deportatsiya qilindi, qamaldi, hatto vafot etganlar ham bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hajni tashkil etish Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi zimmasiga yuklatilgan. Ular Saudiya Arabistoni bilan rasmiy shartnomalar asosida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Saudiya Arabistoni qonunlariga ko‘ra, haj faqat vakolatli tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Noqonuniy yo‘llar bilan hajga borish ibodat qilish imkoniyatini bermaydi va qonunbuzarlik hisoblanadi. Bunday harakatlar deportatsiya va katta miqdorda jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.
Ziyoratingiz xavfsiz bo‘lishi uchun firibgarlarga aldanmang va davlat ko‘magida tashkil etilayotgan rasmiy haj safarini tanlang.
Ogoh bo‘ling, firibgarlarga aldanmang!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati