Savol: Namozdan keyin uch marta istig‘for aytamiz. Shu istig‘forni nima uchun aytilishi menga tushunarsiz bo‘lyapti. Chunki istig‘forni gunoh ishlarga yo‘l qo‘yilgani uchun aytiladi, deb o‘ylardim. Nimaga bu o‘rinda savobli amal hisoblanadigan namoz o‘qishdan keyin aytilyapti?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin uch marta istig‘for aytish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari hisoblanadi. Chunki hadisi shariflarda U zot alayhissalom namozdan keyin ana shunday qilganlari rivoyat qilingan:
“Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozdan forig‘ bo‘lgach, uch marta istig‘for aytar va (istig‘fordan keyin) “Allohumma antas-salam va minkas-salom, tabarokta yaa Zal Jalali val Ikrom”, der edilar”. (Imom Muslim rivoyati).
Shu va shu mazmundagi boshqa hadislarni sharhlagan muhaddis ulamolar habibimiz Rasululloh alayhissalomning istig‘for aytganliklari ehtimol u zot o‘ta kamtar va tavozeli bo‘lganlari uchun Alloh taologa qilayotgan ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ydim, ibodatni buyurilgandek ado eta olmadim, deb aytgan bo‘lishlari mumkin, deb izohlaganlar.
Shu bois biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bajarish hamda namozda turib, turli-tuman xayollarga berilish, g‘aflat bosish kabi kamchiliklarimiz uchun istig‘for aytamiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati