Joriy yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov va Moliyaviy nazorat va taftish bo‘limi mudiri Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov Namangan viloyatiga tashrifi doirasida «Hidoya» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bo‘ldi.
Tashrif davomida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda sohadagi islohotlarning bugungi holati va kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi. Zayniddin domla o‘z ma’ruzasida yosh avlodning ma’naviy qiyofasi, ilmiy salohiyati va odob-axloqi masalalariga urg‘u berib, tolibi ilmlarga muhim hayotiy tavsiyalarini berdi.
Talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va ularni diniy-milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ushbu uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida yakunlandi.
Ravza.uz
Professor Usoma Sayyid Mahmud Muhammad Azhariy,
Misr Arab Respublikasi Vaqf ishlari vaziri
— O‘zbekistonda buyuk allomalarning boy ilmiy merosini o‘rganish, muqaddas qadamjolarni obod etish hamda yosh avlodni ma’rifat ruhida tarbiyalashga qaratilgan sa’y-harakatlar butun islom olamida yuksak e’tirof etilmoqda.
Men vazir bo‘lsam-da, o‘zimni Imom Termiziyning shogirdi deb bilaman. Ertaga u zotning muborak maqbarasini ziyorat qilish baxtiga muyassar bo‘lishimdan behad mamnunman. Bu ziyorat oldidan qalbimda katta hayajon bor.
Shuningdek, Misr Arab Respublikasi Prezidentining samimiy salomlari va ezgu tilaklarini forum ishtirokchilariga yetkazish men uchun katta sharafdir.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish hamda ilm-ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan yuksak baholanmoqda.
Bunday ezgu tashabbuslar islomning asl insonparvarlik mohiyatini keng namoyon etish, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati