Joriy yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov va Moliyaviy nazorat va taftish bo‘limi mudiri Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov Namangan viloyatiga tashrifi doirasida «Hidoya» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bo‘ldi.
Tashrif davomida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda sohadagi islohotlarning bugungi holati va kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi. Zayniddin domla o‘z ma’ruzasida yosh avlodning ma’naviy qiyofasi, ilmiy salohiyati va odob-axloqi masalalariga urg‘u berib, tolibi ilmlarga muhim hayotiy tavsiyalarini berdi.
Talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va ularni diniy-milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ushbu uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida yakunlandi.
Ravza.uz
Samarqand viloyati hokimligi va viloyat bosh imom-xatibligi hamkorligida Kattaqo‘rg‘on tumanida aholini qo‘llab-quvvatlash va ma’naviy muhitni mustahkamlashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur tadbirlar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan e’lon qilingan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida (bunga qadar Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan edi) tashkil etildi.
Tadbirning asosiy yo‘nalishlari:
– Xonadonlarga kirilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish hamda muammolarni joyida hal etish.
– Inson qadrini ulug‘lash, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va saxovat g‘oyalarini keng targ‘ib qilish.
Jarayon avvalida viloyat bosh imom-xatibi v.v.b. N.Abdumannonov, o‘rinbosar X.Sattarov va DIQ vakili S.Boymurodov ishtirokida shahar va tuman imom-xatiblari hamda hoji otalar bilan yig‘ilish o‘tkazilib, ishchi guruhlarga ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Ayni paytda mutasaddilar tomonidan mahallalarda sayyor uchrashuvlar va ma’rifiy suhbatlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati