Namangan viloyatida “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi bitiruvchilarini ishga taqsimlash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov, Namangan viloyati bosh imom xatibi Abdulloh Samadov hamda ta’lim muassasasi direktori Qobiljon Mirzaboyev bitiruvchilarni ishga taqsimlashga doir masalalarga to‘xtalishdi.
Ma’lumot uchun, "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining bu yilgi bitiruvchilari soni 35 nafar bo‘lib, yurtimizdagi masjidlarga imom-xatib va imom noibi vazifalariga tayinlanadi. Ta’limni davom ettirmoqchi bo‘lganlar esa Toshkent islom instituti va boshqa oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.
Shuningdek, ta’lim muassasasida “Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish kuni” munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov so‘zga chiqib, yosh avlod qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini sayqal toptirish hamma davrlar uchun muhim vazifa sanalib kelishini ta’kidladi.
Tadbirlar so‘ngida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, xayrli duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Yangi o‘quv yili arafasida viloyatdagi imom-xatib va imom noiblari tomonidan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlariga o‘quv qurollari olib berilmoqda.
Bu ezgu tashabbus bolajonlarga quvonch ulashish bilan birga, ularning yangi o‘quv yilini munosib kutib olishiga ko‘maklashmoqda.
Mehr-oqibat va saxovat — xalqimizga xos ezgu qadriyatlar!
O‘MI Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati