Islom olamida Qur’oni karimni muayyan qiroat yo‘nalishi va sanad (ustozlar zanjiri) bilan o‘rganish hamda bu borada ijoza olish qadimiy an’ana bo‘lib, u ilohiy kalomni asl holicha saqlashga xizmat qiladi.
Toshkent islom instituti huzuridagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursida ushbu xayrli an’ana izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, quyidagi ustozlar qiroat ilmini muvaffaqiyatli yakunlab, ijoza sohibiga aylandi:
Nurulloh qori Saydullayev – “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi ustozi. U kishi Imom Osim qiroatining Hafs rivoyatini “Shotibiy” yo‘li asosida to‘liq topshirdi.
Fayzulloh qori Izzatullayev – O‘quv kursining Yangiyo‘l tumani filiali ustozi, Zangiota tumanidagi “Sadr ota” jome masjidi imom-xatibi. Fayzulloh qori Imom Osim qiroati, Hafs va Sho‘ba rivoyatlarini “Shotibiya” yo‘li orqali yakunladi.
Qur’oni karimni mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha to‘liq xatm qilgan ustozlarimizga ijoza shahodatnomalarini 10 ta qiroat sohibi, Al-Azhar shayxi Ibrohim Muhammad tantanali ravishda topshirdi. Mazkur hujjat sohibiga Qur’oni karimni nafaqat qiroat qilish, balki o‘zlashtirilgan yo‘nalishlar bo‘yicha boshqalarga ham dars berish huquqini beradi.
Ma’lumki, ijoza – Qur’oni karimni rivoyat qilish uchun ustoz tomonidan beriladigan ilmiy izndir. Bu shahodatnomaning ahamiyati shundaki, uning silsilasi ustozdan ustozga o‘tib, bevosita Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga borib taqaladi.
Alloh taolo ustozlarimizning ilmiy faoliyatlarini xayrli va barakotli qilsin. Qur’on nuri bilan xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlarida zafarlar yor bo‘lsin!
Oliymahad.uz
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati