Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

13 yil ochilmagan xatlar

14.04.2026   14050   9 min.
13 yil ochilmagan xatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ilm tahsil qilishda va ilmdan haqiqiy nasibador bo‘lishda olimlar bir qancha vositalarni sanab o‘tganlar. Xususan, Shayx Muhammad Avvoma hazratlari o‘zlarining “Ma’alim irshadiyya fi sina’ati tolibi ilm” (Haqiqiy talaba yetishtirishdagi yo‘l-yo‘riqlar) asarida ilm tahsil qilish jarayonida – “tafarrug‘” ya’ni, butkul ilm uchun ajrab chiqish, ilm olishdan to‘sadigan har qanday ishlardan forig‘ bo‘lishni alohida bob sifatida keltiradilar. Bu borada olimlarning aqlbovar qilmas hikoyalari bor-ki, ilm o‘rganayotgan har bir talabani jiddiy o‘ylantiradi.

Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh aytadi: “Ilm olishdan va ilmda yuksak cho‘qqilarni zabt etishdan to‘sadigan omillar shu qadar ko‘p-ki, ularni sanab chiqish mushkil ish. Shu bois, tolibi ilm o‘z-o‘zini hamda qimmatli vaqtini nazorat qilib borishi, zimmasidagi majburiyatlarini ado qilishdan ma’n qiladigan, chalg‘itadigan ishlardan uzoq turishi shartdir! Har qanday ilmdan chalg‘itadigan narsalarni najoti yo‘lidagi to‘siq va to‘g‘anoq deb bilishi kerak. Ilmga mutlaq ajrab chiqish va bor-budini sarf qilishning naqadar zaruriy ekanligini Imom Abu Yusuf rahimahullohning so‘zlaridan anglab olsak bo‘ladi: “Ilm shunday (buyuk) ishki, unga to bor-yo‘g‘ingni bag‘shida qilmaguningcha, senga bir qismini ham bermaydi. Agar sen unga boringni bersang – bir qismini senga berishi ham nasiya (xohlasa beradi, xohlasa yo‘q)” (Xatib Bag‘dodiy, “Tarix”)

Ushbu jumlalar ortidan Xatib Bag‘dodiy faqih Abu Ahmad Nasr ibn Ahmad Iyoziyning gapini keltiradi: “Ushbu ilm (shariat ilmlari)ga do‘konlarini tark qilgan, bog‘u rog‘larini qarovsiz qoldirgan, do‘stlaridan uzoqda bo‘lgan hamda yaqinlari vafot etib, janozalariga qatnasha olmagan insongina yeta oladi”. Ibn Ahmad Iyoziy o‘z gaplarining amaliy isboti o‘laroq Qozi Abu Yusuf rahimahullohdan hech ham ajramagan, uzoq muddat yonlarida yurib ilm tahsil qilib, hanafiy fiqhida mashhur faqih rutbasiga yetgan.

Ilmga butkul ajrab chiqqanlar orasida Imom, Hofiz Munziriy rohimahullohning ham hikoyasi bor:

“U kishi Qohiradagi “Komiliyya” Hadis maktabida ilm berar edi. Bir kuni 30 yoshlar orasidagi Muhammad ismli farzandi vafot etdi. U ilmda ancha ko‘zga ko‘rinib qolgan yosh olimlardan edi. Munziriy farzandining janozasini madrasa binosining hovlisida o‘qidi va tobutini madrasa eshigigacha kuzatib bordi. Ko‘zlaridan shashqator yoshlari oqqan holda: “Ey, jigarporam! Seni Alloh taologa omonat topshiraman”, dedi-da, madrasa hovlisiga qaytib kirdi” (Tojiddin Subkiy, “Tobaqot”).

Yana shunga yaqin hikoyalardan birini rahmatli Hazrat otam aytib bergan edi: “Shayx, alloma Muhammad Rog‘ib Tobbax rohimahullohning katta o‘g‘illari Muhammad vafot etganidan bir kun o‘tib o‘zining nashr ishlariga – “Matba’ati ilmiyya”ga qaytgan edi. U kishi  janozaning ertasiga “Xusraviyya” madrasasi (Halabdagi dunyoviy institut)ga darsga keladi. Talabalar ustozning darrov darsga kelganidan hayratga tushishadi va orada visir-visirlar tarqaldi. Gap-so‘zlar shayxning ham qulog‘iga yetadi: “Katta o‘g‘lini yaqinda ko‘mib kelgandi-ya…” Ularga qarata shayx aytdi: “Bolamdan-ku, ayrilib, xasrat o‘tida yonmoqdaman. Endi ilmning barakasidan ham mosuvo bo‘lib yana xasrat chekaymi?!”

Imom Sulaym ibn Ayyub Roziy rahimahulloh haqida Subkiy “Tobaqoti Vusto”da quyidagicha bayon qiladilar: “Sulaym Ray shahridan ilm olish uchun Bag‘dod sari yo‘l oldi. Aytilishicha, ilm olib yurgan kezlarida unga oilasidan ora-sira xat kelib turar edi. U birorta xatni ochib ham ko‘rmasdi. Faqat yig‘ib, to‘plab borardi. O‘zi ko‘zlagan ma’lum bir yillar  o‘tganidan keyin xatlarni ochib ko‘rdi. Ularda kimningdir vafot etgani va yana ko‘plab ilm olishdan to‘siq bo‘ladigan yaqinlarining xabarlari yozilgan edi”.

Muhammad Avvoma aytadi: “Ilm olib yurgan kezlarimning boshlarida shunga o‘xshash xabar qulog‘imga chalingan edi. Shayx Ahmad ibn Abdulkarim Turmoniniy Halabiy hazrat Azhari Sharifda 13 yil ilm tahsil qilibdilar. Bu muddat oralig‘ida uylaridan xatlar kelib turar, birortasini ham ochmas, ularni xonaning tokchasiga qo‘yib borar ekan. Ta’lim muddati tugab, uyga qaytishdan oldin xatlarni o‘qiy boshlabdilar. Ularning ba’zisida kimdir vafot etgani, yaqin qarindoshi turmush qurgani va yana qandaydir sodir bo‘lgan o‘zgarishlar yozilgan ekan. U kishi mazkur xabarlar ilm olishdan to‘siq bo‘lishini, yurakka yaqin xabarlar esa butkul ilm dargoxini tashlab ketishiga sabab bo‘lib qolishini juda yaxshi bilar edilar!” (Iqtibos tugadi).

Endi ta’lim olayotgan har bir talaba (o‘zimizga ham) haqli savol tug‘iladi – bizning hayotimizda ilm nechanchi o‘rinda? Unga qancha kuch va vaqt sarflayapmiz? Qozi Abu Yusuf aytganlaridek ilmdan bir nima olish uchun borlig‘imizni bermayotganimiz aniq! Ba’zi soatimiz yoxud ba’zi daqiqalarimizni ajratar ekanmiz, ana shu vaqtda birorta chalg‘ituvchi ish, xabar va o‘y-xayollardan forig‘mizmi? Aytaylik, bir kunda dars uchun 2 soat ajratsak, shuning necha daqiqasi sof ilm tahsili uchun sarf bo‘lmoqda?!

13 yil xatlarni o‘qimaslik u yoqda tursin, qo‘l telefonimiz 24/7 tartibida ishlaydi. Internet ham muntazam yoniq. Namoz, dars, taom, uyqu safar yoki uchrashuvlar bilan bandligimizda ham “jiring” etgan xabarnomani albatta ochib o‘qiymiz. Hattoki, svetaforda turganda ham telefon titamiz. Soatlab reels tomosha qilamiz. Zehnimizni band qiladigan ma’lumotlarni yaxshi ko‘ramiz. Qaysi futbolchi qaysi jamoaga qabul qilingan, qaysi san’atkor kim bilan debat qilgan, qaysi fudbloger yangi taomni reklama qilgan, yana qaysi oshpaz erkak xotiniga yashil somsa qilib berganini maroq bilan tomosha qilamiz.

Aksar mavzulari befoyda bo‘lgan “gap” va “choyxona”lar, keti tugamaydigan o‘tirishlar, bemaza telefondagi o‘yinlar, aksiyaga tushgan mahsulotlar, qimmatbaho mashinalar, ularning bir-biridan farqlari, kunlik retseptlar, yangidan-yangi brendlar va hakazo! Sanasa, shayh Avvoma aytganlaridek, ado qilib bo‘lmaydi.

Bobolari Buxoriy, Termiziy, Jomiy, Temurlar bo‘lgan biz avlodlar na dunyo ishini va na din ilmlarini puxta o‘rganishga toqatiz yo‘q. Brendlarni soatlab sanab, farqlab, xulosa qilib qayerdan necha pulga, necha kunda xarid qilishgacha “ilm” tahsil qilganmiz, biroq, ikki dunyo obodligi va najoti bo‘lgan, Payg‘ambarlar merosi o‘laroq Buxoriylar qoldirgan ilmdan 15 daqiqa to‘xtamay, bexato ma’lumot ayta olmaymiz. O‘qiyotgan ilmlarimiz chala, uzuq-yuluq. Bir ilmni haqqini berib o‘rganish payida emasmiz. Bobolarimizning nechtasini ismi va yozgan asarini sanab bera olamiz, aqalli? Lekin siyosiy ongimiz baland, zo‘r taxminlar aytib dunyo kelajagini ko‘ra bilamiz. To‘xtamay nechta hadisni Buxoriydan Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan sanadi ila yoddan keltira olamiz? Deylik, hadisdagi 5 ta roviyning yashagan yili, davri, rivoyati, u haqidagi jarh-ta’dil olimlarining fikrlari,  undan kim rivoyat qilgan, o‘zi kimdan hadis olgan – bu haqidachi, soatlab gapirib bera olamizmi? Bitta hadisning lug‘aviy, fiqhiy, axloqiy jihatlarni to‘liq sharhlab bera olamizmi? Ikkita bir-biriga qarama-qarshi hadis kelsa, uni yechishning Hanafiy mazhabida nechta yo‘lini bilamiz? Bu bo‘yicha qanday kitoblar o‘qiganmiz? Nechta lug‘at yod olganmiz? Yoki tafsir, fiqh, aqoid, arab tili, balog‘atga oid kitobni to‘liq o‘qib, barcha ma’lumotlarini jam qilib olganmiz? Lekin mashina, kiyim, texnik bo‘lsa, soat, dala hovli, mashhurlarning shaxsiy ma’lumotlarini xotirjam tahlil qilib berishimiz mumkin.

Na ilmga qiziqamiz? Na ilm yo‘liga kirganimiz ta’lim uchun o‘zimizni butkul bag‘shida qila olmaymiz. To‘liq ajrab chiqish qiyin bo‘lsada, ma’lum bir soatlarimizda ham bitta sms, bitta sharh o‘qiymiz. Qiziq! Ayni paytda katta “olim”, bilimdon siyosatchi, uddaburon tijoratchi, shaxsiy qarashlariga ega motivator-bloger, o‘tirishlarda qo‘li shirin oshpaz, sport zallarida eng kuchli shtangsit, tog‘, dala hovlilarga tashna sayohatchimiz! Aslida biz hech kimmiz. Ilm mashaqqatiga toqati yo‘q, ammo maqsadi ulkan “ajoyib xayolparast”miz.

Ilm tahsil qilinayotgan vaqtda tolibi ilm imkon qadar o‘yin-kulgu, o‘tirish va turli chalg‘ituvchi ishlardan o‘zini saqlashi, butun diqqat-e’tiborini matn yodlash, ma’lumotlarni jamlash, yangidan-yangi bilimlarni o‘rganish, ularni o‘zlashtirishga, talaba do‘stlari bilan har kuni ustoz bergan vazifalarni birgalikda takror qilishga sarflamog‘i lozim. “Sement zavodiga men, g‘isht zavodiga men” kabi yashayotgan talaba bilsin-ki, undan katta olim chiqmaydi. Imom Shofe’iy ta’kidlaganidek, “Agar bir dona piyoz sotib olish uchun bozorlarda yurganimda, menda katta olim chiqmas edi!”

Alloh barchamizni foydali ilm tahsil qilishda va uni haqqini ado qilishda ko‘mak bersin!

Faxriddin Muhammadnosir,
«Hadis va Islom tarixi fanlari» kafedrasi katta o‘qituvchisi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

14.09.2026   4559   1 min.
Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.

Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:

«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».

Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari