Kishi salomatligini saqlash, jismoniy quvvatini oshirishda piyoda yurish va yugurishning o‘rni beqiyos.
Qur’oni karimda aytiladi:
﴿فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا﴾
“Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz” (Mulk surasi, 15-oyat).
Mujtahid ulamolarning ijtihodlariga ko‘ra, ulovga zarurat bo‘lmagan paytlarda piyoda yurish mustahab[1] amal bo‘lib, ushbu oyat bunga dalil bo‘ladi.
Dinimiz yaxshilikka shoshilish va unda musobaqalashishga buyuradi. Bu buyruq ham ruhiy va ham jismoniy jihatni qamrab oladi.
Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Kimki ikki nishon – ma’lum masofani chegaralab o‘rnatilgan ikki belgi – orasida yuradigan bo‘lsa, uning har bir qadamiga yaxshilik bordir” (Imom Haysamiy rivoyati).
Piyoda yurish maxsus vaqt, holat yoki jihozlarni talab qilmaydi. Oddiy kundalik ishlarini bajarish va ko‘proq piyoda yurish ham inson salomatligini mustahkamlaydi. Kishi o‘ziga qulay bo‘lgan har qanday holatda xayrli maqsadda yurib salomatligini saqlashi va ajr-savobga ega bo‘lishi mumkin. Ulovlardan zarurat bo‘lgandagina foydalanib, ko‘proq piyoda yurishni odat qilinsa, ortiqcha vazndan va bir necha kasalliklardan qutulish oson kechadi.
Piyoda yurish borasida ilmiy tadqiqot o‘tkazgan amerikalik olim Pol Bregg aytadi: “Piyoda yurganingizda o‘zingizni tabiiy tuting. Boshingiz yuqoriga ko‘tarilgan, ko‘krak rostlangan, qorin tortilgan bo‘lsin. Tana qadamlaringiz bilan bir maromda tebranib turish kerak. Oyoqlar go‘yoki tananing o‘rtasida joylashgani kabi harakatlaning, chuqur nafas oling, ana o‘shanda sizda shunday yuksalish hissi paydo bo‘ladiki, tanangizni g‘urur bilan olib yurasiz. Qo‘llar yelkalardan boshlab erkin harakatlanishi kerak. Yurish paytida sizda yaxshi kayfiyat bo‘lishi va ko‘nglingiz g‘ash bo‘lmasligi kerak. Agar sizni atrofingizdagi tabiat qiziqtirmasa, ma’naviy hayot haqida o‘ylang. Piyoda yurish vaqtida siz jismoniy harakatni ma’naviy harakatga aylantirasiz. Shu yo‘l bilan barcha g‘ubor va g‘am-tashvishlaringizdan xalos bo‘lasiz. Qon tomirlar bo‘ylab tanani tozalab, oziqlantirgani kabi piyoda yurish ham aqlni tozalaydi, uni ijobiy fikrlar bilan to‘ldirib, sizning salomatligingizga sabab bo‘ladi”.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan olindi
[1]Kishi bajarsa savob oladi, bajarmasa gunohkor bo‘lmaydi.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati