O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, aholini qiynayotgan muammolarga ijobiy yechim topish maqsadida navbatdagi qabul jarayoni o‘tkazildi.
Tadbir davomida Muftiy hazratlarining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaatlarini tingladi.
Muloqotlar davomida asosiy e’tibor oilaviy munosabatlarni sog‘lomlashtirish, muhtojlarga ijtimoiy ko‘mak berish, haj masalasi va boshqa diniy-ma’rifiy mavzularga qaratildi.
Har bir murojaat alohida sinchkovlik bilan o‘rganilib, fuqarolarga shariat ahkomlari va amaldagi qonunchilik doirasida batafsil tushuntirishlar berildi. Ko‘plab masalalar ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha vaqt talab qiladigan murojaatlar tegishli bo‘lim mutaxassislariga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.
Bunday tizimli muloqotlar inson qadrini ulug‘lash va jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati