Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ilohiy ishq shunday bir ne’matki, uning natijasida inson hayot mazmunini topadi. Shuning uchun kishi Alloh taologa duo qilib so‘rasa, Uning O‘zini, muhabbatini va ishqini so‘rasin.
Bugun Alloh taolodan mol-dunyo so‘raydiganlar ko‘p. Obro‘-martaba so‘raydiganlar ham yetarlicha topiladi. Lekin U zotdan o‘zini so‘raydiganlar afsuski juda oz. Ikki kaftini ochib: “Yo Robbim! Men Sening roziligingni so‘rayman. Men Sening muhabbatingni so‘rayman”, deb duo qiladiganlar kam uchraydi.
Aziz do‘stim! Agar kishilar obro‘-martaba, xotin, bola-chaqa, bordiyu xatto butun dunyoning molini so‘rasalar ham ishonginki, ular Alloh taolodan hech narsa so‘rashmabdi.
Birodarim, agar Alloh taolodan Uning muhabbatini so‘ragin. Shunda barcha narsani qo‘lga kiritasan. Dunyo matohlarining barchasi Alloh taoloning ishqi oldida arzimas narsadir. Shuning uchun butun vujudimiz bilan Undan tomirimizdan gunoh ildizlarini sug‘urib tashlaydigan ishqini so‘raylik.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning "Ilohiy ishq" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati