Buxoro tumanida “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Imom Buxoriy” jome masjidida boshlangan muloqotlarda viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, diniy soha xodimlari, otinoyilar va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida tuzilgan ishchi guruhlar hududdagi 6 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, xayrli amallar amalga oshirildi. Jumladan, nuroniylar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, bemorlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, nizoli va muammoli oilalar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida bir nechta xonadonlarda yarashuvga erishildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida masjid hovlisiga manzarali va mevali ko‘chatlar ekilgan bo‘lsa, “G‘uncha” bolalar bog‘chasiga uyushtirilgan tashrif jajji bolajonlarga haqiqiy bayram quvonchini ulashdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Naqshband.uz
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati